10:59 / 20.03.2017
4449

Parijda politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi

Fransiya politsiyasi Parijda huquq-tartibot idoralari tomonidan zo‘ravonlikka qarshi namoyishga chiqqanlar bilan to‘qnashuvda ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi. Tartibsizliklar oqibatida uch kishi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Frans Press agentligi.

Aniqlik kiritilishicha, politsiyachilar gazni niqob taqqan namoyishchilarga qarshi ishlatgan. Ularning bir qismi quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklarni taqib olgan hamda qo‘llarida anarxistlar bayrog‘i bo‘lgan.

To‘qnashuvlar vaqtida ikki nafar politsiyachi yengil jarohat oldi, ular kasalxonaga yetkazilgan. Namoyish davomida bir necha bankka qarashli bo‘linmalar oynalari sindirildi.

Bir necha ming kishi yakshanba kuni Parij ko‘chalariga chiqdi. Namoyishchilar qo‘lida “Adolat va qadr-qimmat, politsiya zo‘ravonligini to‘xtating” yozuvli katta bayroq bo‘lgan. O‘sha yerda politsiya zo‘ravonligi qurboni bo‘lgan 13 inson suratlari ham bo‘lgan. 

Frans Press ma'lumotiga ko‘ra, aksiyada taxminan 7,5 ming kishi qatnashgan, ular shahar markazidagi Respublika Maydonida yig‘ilgan.

Fransiyadagi yangi tartibsizliklarga 2 fevral kuni Parij shimolidagi One-su-Buada ro‘y bergan hodisa sabab bo‘ldi, o‘shanda politsiyachilar ko‘chada Teo ismli yigitni hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatishgan. Oqibatda janjal boshlangan, politsiya kuch ishlatdi, yigit esa jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi. Politsiyachilardan biriga zo‘rlash ayblovi qo‘yildi, yana uch nafari til biriktirgan holda zo‘ravonlik qilishda gumonlanmoqda. Teo kasalxonada ikki hafta bo‘lganidan keyin uyiga qaytib ketgan.

Top