Kun.uz intervyusi: Shayx hazratning farzandi Ismoil Muhammad Sodiq

Madaniyat 20 Mart 2017 46938
Фото: Kun.uz

Umrini ilm-ma`rifatga bag'ishlagan odam uchun eng aziz ne`mat nima? Bu vaqt... Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari vaqtning har bir daqiqasini ilmga sarlaydigan, odamlar qalbiga hidoyat, ezgulik urug'ini qadaydigan bag'rikeng olim edilar. 

Hazrat Islom olamida o'zining ilmu-irfoni bilan millionlab insonlarning ustoziga aylangan olim darg'alardan edi. Tinim bilmas, halol va nur yuzli olim edilar. Oilaparvar, millatparvar, vatanparvar olim edilar. 

Kun.uz hazratning o'g'li, Ismoil Muhammad Sodiq bilan suhbat uyushtirdi. Mazkur suhbat davomida hazratning vafoti, ularning oila masalasidagi qarashlari, shunday insonning farzandi bo'lish mas`uliyati, kitobga bo'lgan muhabbat, jamiyatimizdagi ma`naviyat va qator boshqa masalalar tilga olindi.

Yo'qotish

“Albatta, hazratni vafotlari barchamiz uchun, xususan, musulmonlar uchun og'ir yo'qotish bo'ldi. U kishining hayotlari, butun umrlari faqat yaxshilikka sarflangan bo'lganligi sababidan, biz albatta qayg'urganimiz bilan, o'sha paytda u kishini hayotlari mazmunli, foydali o'tgani uchun shu narsa bizga tasalli berdi”.

Oila

“Oilamizning asosi, oiladagi umumiy hayot tarzini albatta shariat axkomlari tashkil qiladi. Hazrat nafaqat oilada, balki umuman insonlar bilan bo'lgan munosabatlarda juda halim odam edilar. Yaqin, o'zlarini farzandlari yoki nabiralaridan boshqa odamlarning farzandlarini biron marta sensiraganliklarini eshitmaganmiz. O'zimizni uydagilarga ham iloji boricha faqat sizlab murojaat qilishga harakat qilardilar. U kishining xafa bo'lganliklari, ranjiganliklarining asosiy belgisi – indamasdan qo'yardilar”.

Farzandlik mas`uliyati

“Hazratning farzandlari bo'lib yurish albatta boshqalarga qaraganda ko'proq mas`uliyatni talab qiladi. Bu mas`uliyatni inson uchun mashaqqatli taraflari ham bo'lishi mumkin, lekin buning orqasidan savob olamiz degan umid bo'lgani uchun bu narsa biz uchun yengil holatga o'tgan”.

Kitobga muhabbat

“Kitobga bo'lgan muhabbat ilmga bo'lgan muhabbatni asosida bo'lgan. Hazratning do'stlarini aytishiga qaraganda, ularni bir marotaba bo'lsa ham kitobsiz ko'rishmagan, hattoki madrasani ustuniga suyangan holda tanaffusda ham kitob o'qigan ekanlar. Otamizni ham, onamizni ham qo'llarida doimo kitob bo'lgan”.

Munosib davomchi

“Hazrat juda ko'p odamni tarbiyalab ketganlar. Shu nuqtai nazardan men bitta o'zim emasman. Yaxshi jamoamiz bor. O'lim va unga taalluqli bo'lgan masalalarda bir kitob tayyorlaganmiz, tahrir jarayonida, yaqin kunlarda chiqib qoladi”.

Fazilat

“Hazratni boshqalardan asosiy farqlari - vaqtning qadrini juda yaxshi bilganlar. Hayotlarini tartibli o'tkazganlar. Hayot davomida nafaqat ilm, boshqa hamma narsaga vaqt topganlar. U kishi vazifa sifatida ish qilardilar. Ya`ni, hayotdagi ish birlamchi, undan keyingisi, undan keyingisi kabi tartibga qo'yilgan bo'lgan. Badantarbiyaga alohida e`tibor berar edilar. Haftasiga uch marotaba sport bilan shug'ullanar edilar”.

Jamiyat ma`naviyati

“Aslida ma`naviyat masalasi muammo emas. Lekin hozirgi kundagi musulmonlarning holatidan kelib chiqib, ularga muammo tuyulayotgan bo'lishi mumkin. Buning asosiy sababi dindan, shariatdan uzoqlashilganligi. Hamma muammo musulmonlarning o'zida. Yosh oilalarning mustahkamlab bo'lishi uchun albatta ularning tarbiyasi bilan shug'ullanish kerak. Bu narsalarni tushuntirish yo'li bilan hal qilish kerak”.

Ismoil Muhammad Sodiq bilan kechgan suhbatimiz juda maroqli bo'ldi. Mazkur suhbatni saytimizning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Tas-IX

Video: YouTube

Avvalroq hazratning inisi, Muhammad Amin Muhammad Yusuf bilan suhbat uyushtirganimiz hamda mazkur suhbat davomida hazratning bolalik davridan tortib, ilm yo'lida qilgan ishlariga qadar bo'lgan umr yo'li tilga olingani haqida xabar bergandik.

Ko'proq yangiliklar: