Shavkat Mirziyoyev Hindiston prezidenti bilan tabrik almashdi

O'zbekiston 20 Mart 2017 5456

O'zbekiston bilan Hindiston o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Hindiston prezidenti Pranab Mukerji O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo'llagan. Bu haqda O'zA xabar bermoqda.

«Siz Janobi Oliylariga, O'zbekiston hukumati va xalqiga mamlakatlarimiz o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan o'zimning samimiy tabriklarimni yo'llashdan g'oyat mamnunman.

Hindiston bilan O'zbekiston o'rtasida ko'p asrlik do'stlik va hamkorlik rishtalari mavjud. Hamkorligimiz ikki tomonlama asosda, shuningdek, butun dunyoda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo'lida xalqaro forumlar doirasida izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta`kidlayman. O'tgan 25 yil davomida biz yanada yaqinlashdik va strategik sheriklik munosabatlarimiz o'zaro manfaatli barcha sohalarda mustahkamlandi», deyilgan Hindiston prezidenti qutlovida.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'z qutlovida dunyodagi dolzarb masalalar yuzasidan ikki mamlakatning siyosati va pozitsiyasi yaqinligini, BMT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, bir-birini o'zaro qo'llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish O'zbekiston bilan Hindiston manfaatlariga mos kelishini ta`kidlagan.

Shavkat Mirziyoyev «O'zbekiston barcha yo'nalishlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni yanada kengaytirish, buning uchun mavjud ulkan salohiyatdan to'liq foydalanishga tayyor» ekanini qayd etgan.
O'zbekiston Prezidenti ikki mamlakat birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan teng huquqli va uzoq muddatli hamkorlikni O'zbekiston va Hindiston xalqlari manfaatlari yo'lida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirgan.

Ko'proq yangiliklar: