22:29 / 21.03.2017
17924

Samsung Siri'ning "qotil"ini namoyish etdi

Foto: Zhang Fan / Zumapress / Globallookpress.com

Samsung kompaniyasi yangi Galaxy S8 flagmaniga o‘rnatiladigan Bixby ovozli yordamchisini namoyish etdi. Kompaniya saytida assistent haqidagi batafsil ma'lumot joylandi. 

Ishlab chiqaruvchi bu bozordagi eng aqlli assistent ekani hamda uning boshqa kompaniya qarorlaridan (masalan, Apple'ning Siri'sidan) farq qilishini ta'kidladi. Samsung kompaniyasi Bixby'ning boshqa tizimlardan ajratib turuvchi uch asosiy jihatni keltiradi. 

Birinchi navbatda, assistentning "baquvvat" ekani ta'kidlanmoqda, ya'ni foydalanuvchi odatiy dastur interfeysi orqali amalga oshiradigan deyarli barcha funksiyalarni bajarish imkoni mavjud. Bundan tashqari, tizim kontekstni tanib, vaziyatga qarab turli variantlarni taklif qilishi mumkin. Uchinchi jihat - Bixby nafaqat ma'lum bir buyruqlarni, balki erkin shaklda berilgan savollarni ham tushuna oladi. 

"Bixby smartfonlardan boshlab, asta-sekinlik bilan barcha qurilmalarimizga o‘rnatiladi. Kelgusida siz ushbu assistent yordamida o‘z muzlatgichingiz yoki konditsioneringizni boshqarishingiz mumkin bo‘ladi", - deyiladi kompaniya matbuot relizida. 

Samsung Galaxy S8 smartfoni 29 mart kuni Nyu-Yorkda namoyish etiladi. Uning korpusida assistentni ishga tushiruvchi maxsus tugma bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top