17:46 / 22.03.2017
9655

Farg‘ona viloyatida qishloq aholisi yangi maktab qurish bo‘yicha murojaat qilgandi. Natija qanday bo‘ldi?

Kun.uz sayti Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani Bordon qishlog‘idan maktub oldi. Unda yangi maktab qurish bo‘yicha qishloq aholisining murojaati oxir-oqibat ijobiy hal etilgani yozilgan. 

Quyida ushbu maktubni e'tiboringizga havola etamiz.

“Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani Bordon qishlog‘ida joylashgan 14-maktabning asosiy binosi 1974 yilda hashar yo‘li bilan paxsadan qurilgan. Xonalar qorong‘u, zax, partalar uch qator joylashtirilgani uchun judayam tor, qisqa qilib aytganda zamonaviy talablarga umuman javob bermaydi. Ushbu holat yuzasidan bir necha bor tegishli idoralarga murojaat qilingan. Natijada 2005 yilda sport zal va 4 ta zamonaviy sinf xona qurilgan xolos. 

“1974 yildan buyon to‘liq ikki smenada dars bo‘lmoqda. Qo‘shimcha to‘garak va mashg‘ulotlar uchun umuman xona yetishmaydi”, – deydi nafaqadagi o‘qituvchi A.Daminov.

2017 yil davlat dasturida ushbu maktab uchun ham qo‘shimcha bino qurish ko‘zda tutilgani qishloq aholisini juda quvontirgandi. Biroq bor-yo‘g‘i 80 o‘rinli “binocha” qurilishi hafsalani pir qildi. Chunki ushbu qurilish qishloq ehtiyojini umuman qondira olmasligi ma'lum edi.

2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilinishi va shunga monand davlat idoralarining eshiklari oddiy xalq uchun ochilishi ayni muddao bo‘ldi. Qishloq faollari bir necha bor yuqori tashkilot va vazirliklari murojaat qilishlari o‘z natijasini berdi. Hatto Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati ham qishloqqa kelib mavjud holat bilan tanishdi. “Hatto” deyishga asos bor, chunki bu qishloq deputatlarni faqat saylovoldi tashviqotlarida ko‘rishar, saylovdan so‘ng xalq vakili qorasini ham ko‘rsatmas edi. 

Bir necha tashkilotlar sa'y-harakti bilan Bordon qishloq o‘quvchilari 2017-2018-o‘quv yilini yangi zamonaviy binoda boshlashlari hammani mamnun qildi. 20 mart kuni ushbu maktabga yangi 315 o‘quvchiga mo‘ljallangan bino qurilishi to‘g‘risidagi hujjat tasdiqlandi. 

Demak, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili yurtimizning chekka qishloqlarida ham o‘z mevasini bermoqda. Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumani Bordon qishlog‘i fuqarolari ushbu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shgan mutasaddi idoralarga, jumladan Moliya vazirligi va uning Farg‘ona viloyati boshqarmasiga, Xalq ta'limi boshqarmasiga, viloyat va tuman hokimliklariga va Bog‘dod tuman hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i Fozilbek Bohodirovga samimiy minnatdorchiligini izhor qiladi”.

Top