11:51 / 22.03.2017
4819

Fransiya prezidentligi uchun ilk telebahslardan so‘ng Makron yetakchilik qilmoqda

Fransiya sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron mamlakat prezidentligi uchun o‘tkazilgan ilk telebahslardan so‘ng nomzodlar orasida yetakchilik qilmoqda. Elabe kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqot natijasi shundan dalolat qilmoqda, deb xabar qiladi Reyter agentligi.

Debatlar dushanba 20 mart kuni TF1 telekanalida bo‘lib o‘tgan. Unda oliy davlat lavozimiga da'vogar 11 nomzoddan saylovoldi so‘rovlarining 5 nafar yetakchisi ishtirok etgan. Bular o‘ng kayfiyatdagi  "Milliy front" yetakchisi Marin Le Pen, "Olg‘a" partiyasi rahbari, sotsial-liberal Emmanuel Makron, o‘ng markazchi "Respublikachilar" partiyasi nomzodi Fransua Fiyon, praymerizlar g‘olibi "Sotsialistik partiya" vakili Benua Amon va o‘ta so‘l kayfiyatdagi "Bo‘ysunmagan Fransiya" asoschisi Jan-Lyuk Melanshonlar ishtirok etgan. 

Telebahslardan so‘ng o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Makron yetakchilik qilmoqda. U birinchi turda "Milliy front" yetakchisi Marin Le Penni 1,5 foizlik (26 - 24,5) farq bilan ortda qoldirgan. Ikkinchi turda Makron Le Penni 64ga 46 foiz farq bilan ortda qoldirishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 

Fransiya prezidentligi uchun saylovlar ikki turda, 23 aprel va 7 may kuni bo‘lib o‘tadi. 

Top