18:11 / 22.03.2017
7183

Vetnamda to‘qqiz kishi o‘lim jazosiga mahkum etildi

Vetnamning to‘qqiz nafar fuqarosi yirik miqdordagi giyohvand moddalar kontrabandasi uchun o‘lim jazosiga mahkum etildi. Bu haqda mahalliy Tuoi Tre gazetasi xabar bermoqda.

Barcha jinoyatchilar qurollangan kontrabandachilar guruhining a'zosi bo‘lgan, ular geroinni Laos hududidan Vetnam hamda Xitoyda sotish uchun olib o‘tish bilan shug‘ullangan. Guruh 2012-2015 yillar davomida umumiy qiymati 683 ming dollar bo‘lgan geroinni olib o‘tgan hamda sotgan, deyiladi xabarda. 

O‘lim jazosiga narkotiklarni olib o‘tish va sotishda bevosita ishtirok etgan faqatgina to‘qqiz kishi mahkum etildi. Yana to‘qqiz shaxs umrbod ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa, 5 nafar jinoyatchi 18 oydan 20 yilgacha bo‘lgan muddatga qamaldi.

Vetnam xavfsizlik politsiyasi jinoiy guruhga nisbatan surishtiruvni 2015 yilda boshlagandi – avvaliga kontrabandachilardan biri ushlandi, uning yonidan tintuv jarayonida geroin hamda to‘pponcha topildi. Keyinchalik politsiyachilar jinoiy guruhning boshqa a'zolarini ham hibsga olishgan.

Ma'lumot uchun, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan Vetnamda giyohvand moddalarni tarqatish va kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ancha qattiq jazo nazarda tutilgan. Vetnam, Tailand, Laos, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Filippin va mintaqaning boshqa qator davlatlarida yirik hajmdagi giyohvand moddalar kontrabandasiga o‘lim jazosi qo‘llaniladi.

Top