10:56 / 23.03.2017
31806

London 2005 yildan buyon eng qonli terakt bilan to‘qnashdi. Asosiy tafsilotlar

22 mart kuni London markazida, Vestminster tumanida sodir etilgan hujumlar oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 40 kishi jarohatlandi, terrorchining o‘zi yo‘q qilindi.

Shu bilan birga mamlakat bosh vaziri Tereza Meyning ma'lum qilishicha, mamlakatda terrorchilik tahdidi yuqori emas.

22 mart kungi voqealar Buyuk Britaniyada 2005 yilning 7 iyulidagi voqealardan beri eng qonlisi bo‘ldi.

Voqealar xronologiyasi

Mahalliy vaqt bilan soat 14:40da (Toshkent vaqti bilan soat 19:40) sayyohlar gavjum hududda Vestminster ko‘prigida harakatlanayotgan mashina odamlar ustiga yura boshladi, u bir qancha kishini bosib o‘tib, trotuar chetidagi to‘siqqa urildi. Mashina harakatlanishda davom etib, parlament binosi oldida to‘xtadi va undan chiqqan terrorchi politsiyaga ikkita pichoq bilan qurollangan holda hujum qildi. Politsiyachi olingan jarohatlardan keyinchalik vafot etgan, boshqa bir politsiyachi terrorchini otib tashlagan.

Tereza Meyning so‘zlariga ko‘ra, terakt uchun joy tasodifan tanlanmagan. "Terrorchilar hujum nuqtasini tasodifan tanlashmaydi, aynan shu yerda, poytaxtimiz markazida, parlament binosi atrofida turli madaniyatlar vakillari to‘planishadi, bu bizdagi demokratiya ifodasi hisoblanadi", degan bosh vazir millatga murojaatida.

Teraktdan keyin politsiya parlament binosini hamda bosh vazir qarorgohini o‘rab oldi, "Vestminster" metro bekati va atrofdagi ko‘chalar yopildi, "London ko‘zi" majmuasi faoliyati to‘xtatildi.

Londonda terakt. Hujum tafsilotlari (onlayn)

Avvaliga OAVda paydo bo‘lgan xabarlar bir-birini inkor qilardi. Dastlab ko‘prikda otishma ro‘y bergani haqida yozildi, keyinroq pichoq bilan qurollangan shaxs odamlarga hujum qilgani aytildi. Bu xabarlar natijasida bir necha nuqtada bir necha terrorchi harakatlanayotgani haqida tasavvurlar paydo bo‘ldi.

Bu savollarga soat 18:00da aniqlik kiritildi. London politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Mark Rouli brifingda bayonot berdi. "Biz bunday hodisa hech qachon ro‘y bermasligiga umid qilgandik, ammo afsuski, bu ro‘y berdi", dedi u matbuotga murojaatida.

"Jarohatlanganlar soni 40 nafar, ular orasida og‘ir jarohatlanganlar bor. 5 kishi halok bo‘ldi, ulardan biri parlament binosida qo‘riqchilik qilgan politsiyachi Kit Palmer edi", degan u keyingi bayonotida.

Rouli Londondagi hujumlar bir kishi tomonidan sodir etilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisa xalqaro terrorizm bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. U shaharda nazorat kuchaytirilishini ma'lum qilgan.

Bosh vazir mamlakatda terrorchilik xavfi darajasi avvalgi holatda qolayotganini ta'kidladi. 

"Terrorchilik xavfi jiddiyligicha qolmoqda. Xavf darajasi oshmagan", degan Mey COBRA favqulodda qo‘mitasi yig‘ilishidan keyin.

Fotoreportaj. «London xaos ichida»

Hayot o‘z maromiga tushdi

Ayni vaqtda Vestminster ko‘prigi yopiqligicha qolmoqda, bu hududda politsiya nazorat o‘rnatgan. Parlament binosini o‘rab turgan halqa yechilgan.

Parlament 23 mart kunidan faoliyatini davom ettiradi, Shotlandiya assambleyasi (parlamenti) Londonda yuz bergan terakt munosabati bilan hududning mustaqilligi masalasida o‘tkazish rejalashtirilayotgan referendumga doir debatlarni to‘xtatgan.

"Vestminster" metro bekatiga kirish va chiqish hozircha yopiq.

Shaharning boshqa nuqtalarida osuda vaziyat hukm surmoqda.

Nimalar aniqlandi?

Tekshiruvlar davomida hujumlarni uyushtirgan shaxs haqida yangi ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Independent nashri terakt ijrochiligida gumon qilingan shaxs Abu Izzadin bo‘lib, u bir qancha vaqtni terrorchilar bilan hamkorlik qilgani uchun qamoqda o‘tkazgani haqida yozgandi.

"Izzadin hukumatga terrorchilar bilan aloqadorligi orqali tanish edi, u terrorizmni qo‘llab-quvvatlagani uchun qamalib chiqqandi", deya yozilgan nashrda.

Ammo ABC advokatga asoslangan holda bu mahbus hamon qamoqda qolayotganini ma'lum qildi.

Skotland-Yard ayni vaqtda terrorchining shaxsini ma'lum qilmoqchi emas.

Oxirgi yillardagi teraktlar

London ham teraktlardan xoli hudud emas. Shimoliy Irlandiyada uzoq yillar davom etgan qonli hodisalarga barham berish maqsadida tuzilgan 1998 yilgi Belfast kelishuvidan keyin ham Buyuk Britaniyada bir qancha teraktlar sodir bo‘ldi.

Eng qonli hodisalar 2005 yilning 7 iyulida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda xudkush terrorchilar London metrosi oldida va avtobusda 3 marta portlash sodir etishgan. Bu hujumlar oqibatida 52 kishi halok bo‘lib, 700dan ortiq kishi jarohatlangan.

Terakt ijrochilarining barchasi, Muhammad Siddiq Xon, Shahzod Tanvir, Hasib Husayn va Jyermeyn Lindsi Buyuk Britaniya fuqarolari edi.
2013 yilning mayida britaniyalik Maykl Adebolajl va Maykl Adebovale  Londonda harbiy xizmatchi Li Rigbini o‘ldirishdi. Qotillar umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

2016 yilning 16 iyunida deputat Do Koksning o‘ldirilishi ham terrorchilik akti deb baholangan. Uni ultra o‘ng guruh a'zosi, britaniyalik Tomas Meyr o‘ldirgandi. Ushbu shaxs ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Top