14:43 / 25.03.2017
44508

Babayan epopeyasi. «Mabodizm» sindromi

O‘zbekiston terma jamoasi JCh saralash bosqichi doirasida Suriyadan mag‘lubiyatga uchragach, terma jamoa, bosh murabbiy va o‘yin borasida turli maqolalar chop etildi. Tribuna.Uz internet-nashrida ham shunday maqolalardan biri e'lon qilindi. Quyida ushbu maqolani to‘lig‘icha e'tiboringizga havola qilamiz.

«Paxtakor»da menejyer bo‘lib ishlab yurgan Samvel Babayanning O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidek mas'uliyatli lavozimga kirishgan kunlari sport jurnalistlarini yig‘ib aytgan gapini yaxshi eslayman: «Biz — bir jamoamiz, — degan edi u jurnalistlarni ham nazarda tutib. — Hammamiz bir maqsad yo‘lida harakat qilishimiz lozim». Ya'ni bu bilan Babayan afandi aytgan ediki, bitta jamoa vakillari bir-birini tanqid qilmaydi, faqat suyaydi. Shunday ekan, «qolganini o‘zlaring tushunvoluvurlaring...». Albatta, menejyer aynan shunday degani yo‘q, shunchaki bunga sha'ma qilgan edi. Qalam ahli xuddi muxlislardek zukko bo‘ladi, terma jamoa tepasidagi odam aslida nima demoqchi ekanini darhol payqagandi... 

Shunday qilib, futbolimiz tarixida Babayan epopeyasi boshlandi. 

Bilasiz, epopeya degani mardonavor, jasurona ishlar bilan bog‘liq voqea-hodisalarni anglatadi. Futbolchilarimiz Babayan chizib bergan taktik sxemalar yordamida birin-ketin Filippin, Yaman singari kuchli jamoalarni mag‘lub eta boshladi. Rahmatli Hojiboy qiziq iborasi bilan aytganda, mazkur yutuqlardan sarmast ayrim ishqibozlar: «O‘zbekiston bu yil jahon chempionatiga chiqib ketadi-yov» deyishgacha bordi. O‘yin sifati qanday, raqiblarimiz qaysi saviyada, ularni ortda qoldirish bilan qayergacha borishimiz mumkin, degan savollar ustida bosh qotirib o‘tirishning mavridi emasdi. Chunki bu savollarni qo‘yishning o‘zi gustoxlikka o‘xshab tuyulardi. Axir, so‘z olib-so‘z berilgan: «Biz — bir jamoa bo‘lsak, qanday bo‘larkin...».

Shu kunlar miyonasida sobiq menejyer, ayni paytda BOSh MURABBIYning yana bir «ko‘ngilgaxushyoqar» intervyusi e'lon qilindi. U zot aytdiki, «Qo‘l ostimdagi jamoa — O‘zbek futboli tarixidagi eng kuchlisi. Biz hali Osiyoda tilga tushadigan o‘yin uslubini joriy etamiz...».

Ishondik. Axir, gap bevositami-bilvositami, har holda Vatan haqida, uning sha'ni to‘g‘risida borardi. Bunday paytda ozgina nekbinlik ham kerak, badgumonlik, badxayollik ortiqcha, dedik. Kattami-kichkinami, g‘alabalardan quvondik. Uyimizda Yamanni zo‘rg‘a yutganda ham o‘zimizni ovuntirdik: «Murabbiylarimiz Osiyoda mashhur bo‘ladigan o‘yin uslubini qidirishayapti. Ha, endi izlanish jarayonida shunday «tajriba»lar ham bo‘lib turadi-da!». Ko‘ngilni keng qildik. «Uchrashuv» filmidagi qahramonlardan birining gapi esingizdami? «Hali shoshmay tur, bu juda-a shinavanda yigit!..». (Husan Sharipov talqinidagi qahramon nazarda tutilgan). Biz ham bosh murabbiyimiz haqida shunday xayollarga bordik: «Ey, birodarlar, shoshmay turing, bu juda-a ustomon yigit, bizni Rossiyaga olib boradi hali!». Bugun tobora ma'lum bo‘layaptiki, Rossiya tugul o‘zimizning «aeroportga ham chiqolmaydiganga» o‘xshab turibmiz. 

O‘sha gap-so‘zlardan beri ham bir-ikki yil muddat o‘tib qo‘ydi. Ammo, nazarimizda, terma jamoamiz murabbiylari hanuz «qit'ada mashhur bo‘ladigan» o‘yin uslubi borasida «chuqur izlanish» olib borayotgandek. Go‘yo chakalakzor ichra nina qidirishmoqda. 

Yo‘q, azizlar, yozganlarimizga nina tugul, anchayin tikanning ham aslo aloqasi yo‘q. O‘libmizmi, bergan va'dalarga xilof yo‘l tutib, biz — hammamiz bir jamoamiz, bir-birimizni hech qachon tanqid qilmaymiz!

Ana, kechagi o‘yinni olaylik. Futbolchilarimizda ham, murabbiylarimizda ham umuman ayb yo‘q. Hamma ayb ob-havoda! Hey, bunaqa havoda Neymar ham maydonda lo‘killab, nima qilarini bilmay qolardi. Futbolchilarimiz-ku, maydonda 90 daqiqa o‘z oyoqlari bilan yura oldilar, qahramonlik bo‘lsa, shuncha bo‘ladi-da!

Bosh murabbiyimizning o‘yindan keyingi fikrlarini o‘qidingizmi? «Maydonning holati unchalik yaxshi emasdi» dedi u. Menimcha, aslida mag‘lubiyatimizga asosiy sabablardan biri — shu! (Ob-havodan keyin, albatta). Milliy chempionatimizda bir-biridan zo‘r, bir-biridan yam-yashil, tep-tekis  maydonlarda to‘p tepib o‘rgangan yulduzlarimiz Malayziyada rosa qiynalishdi-da, axir! 

Nima? Jamoamizda biror taktikaning soyasi ham ko‘rinmadi, birorta murabbiysiz yoki yig‘insiz ham istalgan jamoa kechagidek o‘ynay olardi, deysizmi? Bu gapingiz mutlaqo asossiz! Kecha yigitlarimiz hali jahon futbolida hech kim: na Kroyff, na del Boske, na Gvardiolaning tushiga kirgan taktika asosida o‘ynadi. Bu — ko‘cha tili bilan aytganda, TAVAKKALIZM yoxud sal badiiyroq qilib, modernistik uslubda ifodalaydigan bo‘lsak,

MABODIZM taktikasi edi. Ya'ni MABODO raqib darvozasi lang ochilib qolsa, MABODO himoyachilar xato-pato qilib o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ysa yoki MABODO hakam adashib penaltimi, yaqinroq masofadan jarima zarbasimi belgilasa-yu va MABODO Servermi, Odilmi, kimningdir zarbasi «o‘xshab» qolib, gol urib qolinsa, degan taktika edi.

Tog‘day so‘rasang, qirday beradi degan gap 146 foiz to‘g‘ri. Ana shu «mabodo»lardan biri, qarangki, amalda yuz berdi. Futbolchilarimiz MABODO gol-pol urib qolamizmi, degan umidda jon kuydirayotgan so‘nggi pallalarda hakam penalti belgiladi. Faqat suriyaliklar emas, bizning darvozamiz tomon. Aslida bu paytda biznikilar hujum qilayotgandek edi, biroq o‘yinda 90 daqiqa kuzatilganidek, oldingi chiziqdagi vakillarimiz «qovun tushirib» qo‘yishdi va qarshi hujum qanaqa bo‘lishini raqib jamoa ko‘rsatib berdi. Maydonga tushganiga to‘rt daqiqa ham bo‘lmagan Firas al-Hatib tezlik bilan jarima maydonimizga kirib borayotgan lahzalarda ham futbolchilarimizning ko‘pchiligi Firas MABODO o‘zicha qoqilib-poqilib ketmasmikan, bizning hujumchilarga o‘xshab to‘pni yo‘qotib qo‘ysa, zo‘r bo‘lardi-da, deya kuzatib turganda, Yegor Krimets, sheriklarim MABODO adashmadimikan, deya jon-jahdi bilan himoyalanishga chog‘landi. Biroq... Eh, Umar Harbin Lobanovni penaltidan qanday aldadi-ya! Buni ko‘rib, ochig‘ini aytsam, men o‘zimni, o‘zimizni aldangandek his etdim. Hatto Janubiy Koreyaga boy berilgan o‘yindan so‘ng ham 1-o‘rin deganlaridan nedir umidim bor edi. Kechagi mag‘lubiyatdan so‘ng 2-o‘rin ham osmondagi oy bo‘lib qoladi, shekilli, bu ketishda, bizdan bor-yo‘g‘i 1 va 4 ochkoga ortda qolayotgan Suriya va Xitoyga ham «marhamat qilib» yo‘l bo‘shatib bermasaydik, deya xavotirga tushdim. Axir, bizni oldinda Janubiy Koreya va Eronga qarshi o‘ta jiddiy uchrashuvlar kutmoqda. 28 mart kuni Toshkentda mehmon bo‘ladigan Qatar bilan ham oramizdagi farq juda katta emas...

Ishtiyoq, g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlik, g‘oliblik ruhiyati — bular haqidagi gaplarning bari murabbiylarga tanish. Har holda, ular bir necha yildan beri futbolimiz ichida yurgan odamlar. Bizdan ko‘ra ko‘p narsalarga aqli yetadi. Biz muxlislar esa qo‘limizdan kelgani — umid. Axir, 20 yildan beri umid qilamiz. Yana yarim yil umid qilsak, bir joyimiz kamayib qolmas? Faqat bir ilinjimiz, Yaratgandan so‘raydigan zorimiz bor: «BABAYaN EPOPeYaSI» o‘sha paytga borib «BABAYaN UTOPIYaSI» degan nom olmasa go‘rga edi...

Elmurod Nishonov

Top