16:57 / 25.03.2017
15061

Gulistonda endi har bir ko‘chaning egasi bor

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat bo‘linmalari va viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining aholi punklarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, fuqarolar yashayotgan xonadonlarning ko‘cha tarafi va atrofini toza-orasta saqlash, mevali va manzarali daraxtlar hamda gul ko‘chatlari ekish bo‘yicha tashabbuslarini ma'qullagan qaror qabul qildi. 2017 yil 2 fevraldagi “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi 44-sonli mazkur qaror ijrosiga erta ko‘klamdan kirishildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat bo‘linmalari va viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining taklifiga asosan viloyatda haftaning har shanba kuni “Tozalik va ozodalik kuni” deb e'lon qilindi. 

Hovli joylarda istiqomat qiluvchi xonadon egalari ko‘cha taraf va atrofni tozalash, orasta holatda saqlash, mevali va manzarali daraxtlar hamda gul ko‘chatlari ekish ishlariga mas'ul deb belgilandi.

Viloyat markazi – Guliston shahri ko‘chalari atrofida joylashgan tashkilotlar hududlari va ularning tashqi tomoni hamda aholi xonadonlarining ko‘cha tarafi namunali darajada obodonlashtirilishi, ko‘kalamzorlashtirilishi, tozalikka rioya etilishi va orasta saqlanishi ta'minlanishini tashkillashtirish va amalga oshirilgan ishlar natijasini o‘rganib borishga viloyat hamda shahar hokimliklari rahbariyati, viloyat va shahar tashkilotlari, korxonalari va muassasalari rahbarlari biriktirildi. 

Shuningdek har bir ko‘chaga mas'ullar biriktirildi. Ko‘cha boshlariga ko‘chaning xaritasi va ko‘chaning mas'ullari ismi hamda familiyalari yozib qo‘yildi. Mas'ullar orasida viloyat hokimining o‘zi, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, viloyatning yirik korxona, tashkilot va muassasalari rahbarlari, mas'uliyati cheklangan jamiyatlar raislari bor. 

Bundan tashqari pannolarda ko‘cha sxemasi, shu ko‘chada joylashgan korxona, tashkilot va muassasalar, turar-joylarning tasvirlari ham yozib qo‘yilgan.

Top