00:13 / 26.03.2017
36708

Yevropa: Ittifoq, Yevro va Shengen

Kuni-kecha Rimda yubiley 60-sammitini o‘tkazgan Yevropa Ittifoqi xususidagi xabarlarga ko‘zingiz tushgan. Keling, jahondagi eng nufuzli hamjamiyatlardan biri bo‘lgan ushbu ittifoq haqida ayrim fakt va raqamlar bilan tanishamiz.

 

1951: ILK QADAMLAR

Zamonaviy Yevropa ittifoqini tuzish borasidagi ilk qadamlar 1951 yilda tashlangan: Belgiya, GFR, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Italiya po‘lat va ko‘mir ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropa resurslarini birlashtirishni maqsad qilgan "Yevropaning ko‘mir va po‘lat birlashmasi" (ECSC — European Coal and Steel Community) ga asos solishadi. Ushbu shartnoma 1952 yilda kuchga kiradi.

 

1957: RIM ShARTNOMASI

1957 yil 25 martda imzolangan Rim shartnomasi Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga tamal toshini qo‘ygan hujjat sanaladi. Italiya, GFR, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg tomonidan imzolangan shartnomaga ko‘ra, insonlar, tovarlar, xizmatlar va kapitallarning erkin harakatlanishi yo‘lidan barcha to‘siqlar olib tashlangan.

Bundan tashqari, shu kuni yana bir Rim shartnomasi imzolangan, unga ko‘ra atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyatiga ham asos solingan.

 

1992: MAASTRIXT ShARTNOMASI

1992 yilning 7 fevralida imzolangan Maastrixt shartnomasi (rasman "Yevropa ittifoqi haqida shartnoma") — Niderlandiyaning shu nomli shahrida imzolanadi va Yevropa ittifoqining boshlanishini belgilab beradi. Shartnoma Yevropa mamlakatlarining pul va siyosiy tizimini tartibga solish jarayonini tugatib bergan.

Yevropa ittifoqining pul-kredit siyosatiga mas'ul qilib Yevropa markaziy banki (YeMB) va YeIga a'zo davlatlar milliy markaziy banklari tarkibidagi Yevropa markaziy banklari tizimi (YeMBT) belgilangan.

Maastrixt shartnomasini imzolagan davlatlar Yevropa valyuta ittifoqiga a'zo bo‘lish uchun Maastrixt tamoyillari deb ataluvchi quyidagi besh tamoyilga mos kelish zaruriyatini ma'qullashdi:

1. Davlat byudjyeti kamomadi YaIMning 3 foizidan oshmasligi;

2. Davlat qarzi YaIMning 60 foizidan kam bo‘lishi;

3. Davlat ikki yil mobaynida valyuta kurslari mexanizmida ishtirok etishi va oldindan belgilangan diapazonda milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlashi;

4. Inflyatsiya darajasi Yevropa ittifoqining eng barqaror narx-navolarga ega uch a'zosi o‘rtacha qiymatidan 1,5 foizga oshmasligi;

5. Davlat obligatsiyalari bo‘yicha uzoq muddatli foiz stavkalari inflyatsiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlardagi shu stavkalarning o‘rtacha qiymatidan 2 foizga oshmasligi.

Qayd etish joiz, bu vaqtga kelib Yevropa ittifoqiga a'zo davlat soni ikki barobarga oshgan — Rim shartnomasini imzolagan davlatlar safiga Buyuk Britaniya, Daniya, Irlandiya (1973), Gretsiya (1981), Ispaniya va Portugaliya (1986) qo‘shilgan edi.

 

1995: SheNGeN BITIMI

Garchi Yevropa ittifoqining bir qator davlatlari chegarasida pasport-viza nazoratini soddalashtirish haqidagi bitim 1985 yilning 14 iyulida 5 davlat — Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Germaniya tomonidan imzolangan bo‘lsa-da, u 1995 yilning 26 martidan kuchga kirgan 1999 yilning 1 mayida o‘z kuchini yo‘qotgan. Uning o‘rniga Yevropa ittifoqining Shengen qonunchiligi joriy etilgan.

Shu yili Yevropa ittifoqi to‘rtinchi martaba kengaytirildi va yana uch davlat — Avstriya, Finlandiya va Shvetsiya a'zo qilib olindi.

 

1999: YeVRO

Yevro zonasiga a'zo 19 davlatning, shuningdek, 7 tasi Yevropada joylashgan yana 9 davlatning rasmiy valyutasi hisoblanadi. Yevrozonaga a'zo davlatlardan farqli o‘laroq, bu 9 davlat Yevropa markaziy bankining pul-kredit siyosatiga aralasha olmaydi va bankning rahbar lavozimlariga o‘z vakillarini jo‘nata olmaydi.

Yevro 1999 yilning 1 yanvaridan naqd bo‘lmagan ko‘rinishda muomalaga chiqarildi. 2002 yilning 1 yanvaridan naqd banknotlar va tangalar muomalaga chiqarildi. Ayni paytda yevro 240 million yevropalikning yagona valyutasi hisoblanadi. Ayni paytda butun jahon bo‘ylab naqd muomalada aylanayotgan yevro banknotlari miqdori 1 trillion yevrodan oshgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha valyuta AQSh dollaridan ham oldingi o‘rinda bormoqda.

 

2004: BeShINChI KeNGAYISh

A'zolari 15 ta davlatga yetgan YeI shu yili yana 10 ta a'zoni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Ular — Chexiya, Vengriya, Polsha, Sloveniya, Slovakiya, Estoniya, Latviya, Litva, Kipr va Malta davlatlari. Garchi bu kengayish aholi soni va mamlakat hududi bo‘yicha eng kattasi bo‘lsa-da, yalpi ichki mahsulot miqdori bo‘yicha eng kattasi emas edi. 2007 yilda Bolgariya va Ruminiya ham shu beshinchi kengayish doirasida Yevropa ittifoqi a'zosi bo‘lishdi va a'zo mamlakatlar soni 27 taga yetdi.

2013 yilda Xorvatiya oltinchi kengayish doirasida YeIning 28-a'zosiga aylandi.

 

2016: BREXIT

Buyuk Britaniya aholisi 2016 yilning iyun oyida referendumda YeI tarkibidan chiqish — "Brexit"ni yoqlab uchun ovoz berishdi. 2017 yil martida Qirolicha Yelezaveta II tomonidan mamlakat parlamentining bu boradagi qonuni imzolandi va rasman kuchga kirdi.

Shu tufayli kuni-kecha Italiya poytaxti Rimda o‘tgan "Rim shartnomasi"ning 60 yiligiga bag‘ishlangan yubiley sammitda ilk bora Buyuk Britaniya vakillari ishtirok etmadi va YeIga a'zo davlatlar soni yana 27 ta bo‘lib qoldi.

 

YeI, YeVROZONA VA SheNGeN

Yuqoridagi matnlarni o‘qib, Yevropa Ittifoqi, uning valyutasi — yevro, barchasining chegaralarida Shengen zonasi qonun-qoidalari amal qiladi, deb hisoblab kelgan bo‘lishingiz mumkin. Garchi aksariyat mamlakatlar uchun bu uch zona yagona bo‘lsa-da, ularning amal chegaralari farqlanadi.

Keling, bitta bitta o‘rganib chiqamiz.

YeVROPA ITTIFOQI borasida atroflicha to‘xtalib bo‘ldik. Unga 27 davlat a'zo:

Belgiya, Germaniya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Fransiya (1957)

Daniya, Irlandiya (1973)

Gretsiya (1981)

Ispaniya, Portugaliya (1986)

Avstriya, Finlandiya, Shvetsiya (1995)

Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya, Estoniya (2004)

Bolgariya, Ruminiya (2007)

Xorvatiya (2013)

Ko‘rib turganingizdek, mitti davlatlar va Sobiq Yugoslaviya tarkibidagi ayrim davlatlar hisobga olinmasa, Norvegiya, Shveytsariya va Islandiya kabi iqtisodiy jihatdan baquvvat davlatlar Yevropa ittifoqi a'zosi emas.

 

YeVRO ZONASI. Yevropaning yagona valyutasi Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning 19 tasidagina amalda. YeI a'zolaridan Shvetsiya, Daniya, Polsha, Chexiya, Vengriya, Bolgariya, Ruminiya, Kipr, Irlandiya va sobiq a'zo — Buyuk Britaniya o‘z milliy valyutalarini saqlab qolgan. YeI a'zolari ichida Ruminiyadan boshqa hech biri yaqin orada milliy valyutasini bataraf etib, yevroni muomalaga kiritishni mo‘ljallamayapti. Ruminiya 2019 yil 1 yanvardan yevroga o‘tadi.

Andorra, Vatikan, Monako, San-Marino kabi mitti davlatlarda ham  yevro amal qiladi.

Shveytsariya franki o‘zi va Lixtenshteynda; Norvegiya va Islandiya, shuningdek, sobiq Yugoslaviya respublikalarida o‘z milliy valyutalari amalda.

 

SheNGeN ZONASI. Bitim yuqorida ta'kidlanganidek, 1985 yilning 14 iyunida Belgiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Fransiya va GFR vakillari ishtirokida Lyuksemburg, Fransiya va GFR cheragasidagi Mozel daryosi uzra suzayotgan «Malika Mari-Astrid» kemasida imzolanadi. Bitim o‘sha paytda kemaga eng yaqin bo‘lgan qishloq nomi — Shengen nomini oladi.

Shengen zonasi YeIga a'zo 28 davlatdan oltitasida amal qilmas edi: Buyuk Britaniya, Xorvatiya, Ruminiya, Kipr, Irlandiya va Bolgariyada. Ayni paytda Shengen vizasi bilan Yevropa ittifoqiga a'zo 22 ta davlat chegaralari bo‘ylab bemalol sayohat qilish mumkin.

YeI a'zolaridan Kipr, Xorvatiya, Ruminiya va Bolgariya Shengen zonasiga a'zo bo‘lishga majbur mamlakatlar hisoblanadi va yaqin yillarda qabul qilinadi.

Lekin qizig‘i shundaki, Shengen zonasi Yevro zonasi va Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lmagan mamlakatlar hududida ham amal qiladi. Masalan, Shveytsariya, Islandiya, Norvegiya, Lixtenshteyn kabilarda. Andorra, San-Marino va Vatikan (Italiya orqali), Monako (Fransiya orqali) kabi mitti davlatlarga ham Shengen vizasi bilan bemalol kirib chiqish mumkin. Bu davlatlar chegarasi ochiq davlatlar hisoblanadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.

Mavzuga oid
Top