16:11 / 26.03.2017
20205

Ilmu irfon izlab...

Shayx Muhammadjon mullo Rustam o‘g‘li 1310 hijriy — 1892 milodiy yilda Qo‘qon muzofotiga qarashli Xoja Muhammad Valiy qabristoniga yaqin Chorbog‘ qishlog‘ida ma'rifatli xonadonda tug‘ilgan. Yoshlikdan ilmga ishtiyoqi baland bo‘lgani bois, o‘n to‘rt yoshida savodxon va hofizi Qur'on bo‘lib yetishgan. U Qo‘qon va Buxoro madrasalarida, so‘ngra Balx va Mozori Sharifda ustozlardan saboq oladi. So‘ngra Qozi Mirmuhammad G‘avs degan ustozining tavsiyasiga ko‘ra, Hindistonning Ajmir shahridagi «Usmoniya» madrasasida yana sakkiz yil o‘qib, xatmi kutub qiladi, ya'ni eng oliy shahodamnomani qo‘lga kirititadi.

Ilm talabida, izlanishda bo‘lib, o‘n besh yil ota-onalari bilan ko‘risholmaydilar. Hindistonda o‘qib yurgan kezlari ittifoqo poyezdda haj safariga yo‘l olgan otalari bilan uchrashib qoladilar va haj ziyoratida u kishiga hamrohlik qiladilar. Ota-bola birga bu ulug‘ ibodatni to‘kis ado etib bo‘lganidan keyin, taqdir ekan, otalari Hijozda vafot etadi. Padari buzrukvoridan ajrab kolgan Muhammadjon Hindistonga qaytadi va yana bir yil ilm o‘qib, madrasani tamomlaydi. So‘ngra otasining vasiyatiga binoan volidasini ziyorat qilish uchun ona yurti Qo‘konga qarab ravona bo‘ladi. Ne-ne mashakqatlar bilan Qo‘qondagi hovlisiga kelsa, onalari ham dunyodan o‘tgan ekan. Keyinchalik bu vokeani eslab: «Man volidamdan o‘n yetti yoshda judo bo‘lg‘on ekanman. Shundan keyin man ko‘rolmadim, man kelg‘onimga pushaymon yedim. Dilimda volidamg‘a xizmat qilolmag‘onligimning hasrati to Qiyomat qoldi. Bu joyda go‘yo musofirga o‘xshab qoldim», deb afsus-nadomat chekadi.

Hindistonda o‘qib kelganligi va zabardast olim bo‘lgani uchun domlani «Hoji Hindistoniy», «Mavlaviy Hindistoniy», «Hoji domullo», «Hazrati Mavlaviy» nomlari bilan hurmatlashadi. Qo‘qonda tug‘ilgani uchun u kishiga Qo‘qondiy nisbasi ham berilgan.                               

Yurtga qaytish

Uning yurtiga qaytib kelgandan keyingi hayoti murakkab bir vaziyatda o‘tadi. Domla o‘ttiz olti yoshga kirgan (milodiy 1929 yil) vaqtda mamlakatda ocharchilik boshlangan, dindorlarga zug‘um o‘tkazilayotgan bir davr edi. U kishi shu sanada ikki bolali bir beva ayolga uylanadi. Undan keyin tashvishli kunlari boshlanadi. 1942 yili urushg‘a ketguniga qadar “ruhoniy”, “mullo”, “xorijiy davlatlarda o‘qigan” kabi ayblovlar bilan ikki marta qamalib chiqadi. Jon saqlash va fitnalardan yiroq bo‘lish maqsadida ahli ayollari bilan tez-tez boshqa joylarga ko‘chib turadi. 1942 yili urushda qatnashib, 1943 yil jarohatlangach, mehnat lageriga xizmatga yuboriladi. 1946 yilda Qo‘qonga qaytib keladi. Qama-qamalar va urushga ketgani sababli Qozog‘iston, Belorusiya va Rossiyaning bir necha shaharlarida umrini o‘tkazadi.

Urushdan keyin dinga bir oz erkinlik berilib, masjidlar ochilgandek edi. O‘sha paytlar O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi Toshkentda joylashgan bo‘lib, butun mintaqada diniy ishlar shu yerdan boshqarilar edi. Muhammadjon domla 1946 yili shu idoraning muftiysi Eshon Boboxonovga ish so‘rab murojaat etganida, u kishini xizmat qilish uchun Tojikistonga yuborishadi. Domlaning yashashga uy-joyi bo‘lmagani uchun Tojikiston qozisi u kishini Xoja Ahrori Valining pirlari Mavlono Ya'qubi Charxiy mazorotiga mutavalliy vazifasiga jo‘natadi. Tojikistondagi hayoti shu tariqa boshlangach, domlani 1949 yili Xoja Ya'qub masjidiga imomlikka o‘tkazishadi. Lekin bu yerda ham yigirma besh yilga qamashadi. Allohning irodasi ekan, Moskvaga arz etib, to‘rt yilu uch oyda ozodlikka chiqadi.

Ta'lim va ijodga mashg‘ullik

Domla 1954-1955 yillarda Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar bo‘limida ishlab, arab tilidagi kitoblarni fors tiliga o‘girish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Aynan ana shu yillardan keyin domlaning hayotida bir oz erkinlik boshlanadi. U zot umrining oxiriga qadar yuzlab o‘zbek, tojik, qirg‘iz va boshqa millat vakillariga diniy ilmlarning deyarli barcha sohalaridan, mantiq, adabiyot va she'rshunoslik ilmlaridan saboq bergan. O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va boshqa respublikalardan olimlar va shoirlar u kishining ziyoratiga borib, suhbatlaridan bahramand bo‘lgan. Domla to‘qson yetti yoshga kirib ham shogirdlariga dars berishni, ilm-ijod bilan shug‘ullanishni kanda qilmagan. Arab, fors va o‘zbek tillarida she'rlar yozgan. U kishi ilmdagi har bir masalaga jiddiy yondashgan: «Men biror kishi savoliga javob bergan bo‘lsam, yoki biror rivoyatni aytgan bo‘lsam, Parvardigor oldida mas'uliyatni to‘la his etgan holda aytganman», deb ta'kidlar ekan domla.       

Yot g‘oyalar va botil oqimlarga raddiya

Domla musulmonlarning har xil oqimlarga, tafriqa bo‘linishlariga keskin qarshilik qilgan. Yurtimizda ahli sunnat val-jamoat aqidasi, Imom A'zam mazhabi, Naqshbandiya tariqati poydor bo‘lishi uchun bor ilmi va kuch-quvvatini sarflagan. Bugungi kunda u kishining O‘rta Osiyodagi yuzlab shogirdlari ham ustoz izidan borib, diniy barqarorlik va osoyishtalikni ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Hindistoniyning «vahxobiylar» bilan qilgan munozaralaridan, magnitafon tasmasi va diskdagi ma'ruzalaridan ma'lum bo‘ladiki, Domla sovet davrida, aniqrog‘i 1970—1980 yillarda shakllanib kelayotgan «vahxobiylar» toifasiga qarshi kurashgan, ularning yo‘li noto‘g‘ri ekanini ilmiy isbotlab bergan va yurtimizda tinchlik, osoyishtalik uchun bor kuchini sarflagan. Domlaning vahhobiylar bilan kilgan munozarasiga guvoh bo‘lganlarning bir qismi hali tirik..

Hoji domla shubhasiz, o‘z davrida ahli sunnat val jamoatni qattiq turib himoya qildi, jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham turli botil oqimlar bilan kurash olib bordi, ahli sunnat val jamoat e'tiqodi va hanafiy mazhabini rivojlanishi va taraqqiy etishi uchun munosib hissa qo‘shdi. Ko‘plab shogirdlari ham u kishining maslak va yo‘llarini davom ettirmoqda. Afsuski, domlaning vahhobiylik yo‘lini tutib, undan yuz o‘girgan shogirdlari ham bo‘lgan. Domla ularni ma'ruzalarida qattiq mazammat qilgan hatto “duyibad ham qildim”, deb oshkoro aytgan. Domlaning hanafiy mazhabi va ahli sunnat jamoasini himoya qilgani, yurtimiz osoyishtaligi uchun qayg‘urgani haqida chet elda ham yurtimizda ham ko‘plab maqolalar chiqqan.

Domla ilmu irfon tarqatish bilan birga, 30—40 yillar oldin bugungi kundagi terrorchilik, yot g‘oyalar,botil va “ma'nosiz jihod”larning xavf va zararlarini payqagan, ulardan ogoh etgan. Dunyo ko‘rgan va o‘ta farosatli bo‘lgan domla ana shu yaltiroq chaqiriqlarning ortidagi manfur rejalarni basirat ko‘zi bilan allaqachon mohiyatini anglab yetgandi. Shuning uchun ham domla dinga erkinlik berilgan, musulmonlarning ibodat qilishlariga sharoit yaratilgan bir vaziyalarda odamlarni sabr va shukrga, tinchlikka undar edi. Muxoliflar esa domlani zamonasozlikda, sustkashlikda, johillikda  ayblar edilar. Hatto eng yomon so‘zlar tarqatib, fitna-fasod qilishgacha ham borishgan. Domla o‘ziga tosh otgan buzg‘unchi bir vahhobiyga maktub yo‘llab jumladan shunday so‘zlarni yozadi:  “Bilgilki, biz masjidlarimiz dahriylar maskaniga aylangan, oshkora namoz o‘qib bo‘lmaydigan zamonlarni ko‘rdik. Bundan hatto marhumlar ham aziyat chekdi. Chunki hech kim, hatto imom ham ularga janoza o‘qiy olmasdi. Janoza o‘qishga jur'at etgan imom ertasigayoq qamoqqa olinishi mumkin edi. Endilikda yaratgan Egam odamlarning ahvolini o‘zgartirgan. Hamma hadiksiramay masjidga boradi, jamoat bo‘lib namoz o‘qiydi. Bu Allohning marhamati emasmi? Sen esa bizning shu kunlarga yetganimiz uchun “Allohga shukr!” deyishimizni ham aybga sanaysan. Sen u zamonlarni ko‘rmagansan, tug‘ilmagan bo‘lsang ham ehtimol. Va yana behayoliging va aqlsizligingga borib, davlatga rahmat aytishni, bu kunlar uchun shukr qilishni “shirk” deb bilasan. Seningcha, bular Allohning marhamati emasmi? “Yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan” ekaniga ishonmaysanmi? Shuncha balolarni boshdan kechirdimki, hozirgi kunim uchun Parvardigorga har qancha shukr qilsam oz”.

Domla muxoliflarini katta hayotiy tajribasi va cheksiz ilmu ma'rifati bilangina ovozini o‘chirgan, hech qursa pisib yurishga majbur qilgan edi. Domla yuqoridagi maktubida yana shunday gaplarni aytadi: “...yuqorida aytganimdek, sen devorning narigi tarafidan shovqin solasan. Nodonligingdan hayratga tushaman, zero sen mantiqsiz nutqlaringni, xuddi Qur'on o‘qiyotganday, «Alloh nomi bilan...», «Allohga hamdlar bo‘lsinki...» deb boshlaysan. Sen meni davlatga sodiqlikda va u bilan do‘stona munosabatlarda ayblamokdasan. Sizlarning fitna va fasodlaringiz tufayli haligi majlisda ishtirok etganimda, sen meni o‘z firqangni boshlig‘i sitfatida ko‘rsatma berding. Men ularga «Vahhobiy» emasligimni (hanafiy mazhabiga mansubligimni) dalillab berdim.

Modomiki, davlatni maqtagan ekanman, to‘g‘ri qilganman! Zero, davlat, yuqorida eslatganimdek, bir paytlar bizdan tortib olinib, kofirlar maskaniga aylantirilgan masjidlarni qaytadan ochdi. Janobi Rasululloh «Men odil hukmdor davrida tug‘ilganman», deb faxlanib gapirardilar. G‘ayridin sha'niga maqtov aytish, agar u adolatli bo‘lsa, joizdir. Xususan, Shayx Sa'diy shunday yozadi:

Gar sohibi — No‘shirvon bo‘lsa,

Bunday davrga sharaflar bo‘lsin!

Demakki, agar Allohning Payg‘ambari No‘shiravoni Odil davri bilan iftixor kilgan ekan, men ham bu davr bilan faxrlanishim kerak”.

Mazkur tanbehlarini o‘qir ekansan, beixtiyor bugungi mustaqillik davrimizning qanchalar ulug‘ ne'mat ekaniga shukrlar qilamiz. Shunday bir sharoitda adashgan yoshlarimizni  o‘ylab ham achinasan ham sergak bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylaysan...         

“Bema'ni jihodlar” tanqidi

Bugungi kunda ma'nosiz va noo‘rin jihodlardan butun dunyo aziyat chekmoqda. Shundoqqina insoniyat ko‘z o‘ngida minlab begunoh odamlarning qoni to‘kilib, mamlakatlar xarobaga aylanmoqda. Ammo e'tibor bersak, Hindistoniy Domla o‘sha paytlardayoq dunyodagi ma'nosiz jihodlarni, jumladan, Afg‘onistondagi urushni ham qattiq tanqid qilgan. U zot bu borada bir vahhobiy bilan qilgan munozarasida shunday deydi: «Sen afg‘on mujohidlarini «ular haqiqiy jihod qilmoqdalar», deb maqtaysan. Birok ularning jihodi — musulmonlar masjidlarining buzilishi, namoz o‘qiydiganlarning o‘ldirilishi, odamlar mollarining g‘orat qilinishi, ayollar va bolalarning qatl qilinishi, g‘ayridinlardan pul undirish va birodarlarini o‘ldirishdan iboratdir. Nahotki shu muqaddas jihod bo‘lsa? Aslo unda emas! Bu muqaddas qadamjolarni vayron etish va muqaddas buyumlarni yo‘q qilishdan boshqa narsa emas. Chunonchi, Qandahorda Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) eski abolari, ya'ni maxsus ust kiyimlari saqlanardi — uni yoqib yuborishdi ular! Nahot shu muqaddas jihod? Hosho va kallo — Alloh asrasin, yo‘q-yo‘q! Agar ular musulmonlar bo‘lsalar, bu dunyoda namuna bo‘lgulik hech vaqo yo‘q ekan!

Vafotlari

Domlaning shogirdlari u kishiga astoydil xizmat qilgan. Shulardan biri hoji Ismoil Pirmuhammadzoda ustozi haqidagi xotiralarida shunday deydi: «...Sahar chog‘i edi. Umrining so‘nggi soatlari yaqinlashardi. Bizni bir umrga tark etishdan ikki kun oldin ustoz dedilar:

— Shu oqshom Mavlono Ya'qubi Charxiyni tush ko‘ribman. Mavlono taxti ravon ustida yurib, oldimga kelib dedilar: «Ey Mavlaviyi Qo‘qandiy, taxt ustiga chiq, birga gulistonga sayrga chiqamiz...». Bir lahza xomushlikdan so‘ng ustoz dedilar:

— Azizlarim! Xayolimda u dunyo sari safar qilayotgandayman. Agar qo‘llaringdan kelsa, mani shu buzurgvorning yonlariga dafn qilinglar va qabrim boshiga mana bu ruboiyni yozib qo‘yinglar!

Barodaron, Xudoro, ba xokam guzar kuned,

Ba holi tabohi man ba rahmat nazar kuned!

Nash'unamoi zindagi oxir nadomat ast,

Yode az Xudo kunedu zi g‘aflat hazar kuned.

Mazmuni:

Birodarlar, Xudo uchun qabrimni ziyorat eting,

Mening nochor holimga rahmat ila nazar qiling.

Bu aziz umrning oxiri nadomatdir,

Xudoni doim eslangu gaflatdan hazar qiling.

Ustozning aytganlaricha bo‘ldi...». Ya'ni domla ikki kun o‘tib vafot etadilar. Endi bir o‘ylab ko‘ring. Xoja Ahrori valiyning pirlari Mavlono Ya'qubi Charxiydan zotning domlaning tushiga kirishi, vafotlariga ishora qilinishi u kishining Allohga yaqin bandalardan ekanliklarini anglatmaydimi?! Zero hadisi sharifning bashoratiga ko‘ra, sodiq odamlargina sodiq, rost tushlar ko‘radilar.

Domla ijodining xorijda o‘rganilishi

Hindistoniy domlaning hayot va ijodi bilan bugungi kunda bir qancha xorijlik olimlar qiziqishmoqda va tadqiqotlar olib borishmoqda. Internet saytlarida ham ingliz, nemis, tojik rus va boshqa tillarida ko‘plab maqolalar e'lon qilinmoqda. Jumladan: 2002 yilda www.septrasia.ru saytida jurnalist Neonilla Yampolskayaning Peterburg arxivida saqlanayotgan Markaziy Osiyoga doir diniy-ilmiy qo‘lyozmalar haqida peterburglik sharqshunos, RAN sharqshunoslik institutining Sank-Peterpurgdagi filiali direktori, tarix fanlari doktori Yefim Rezvan bilan suhbat e'lon qilingan. Suhbat chogida Mavlaviy Hindistoniyning diniy-ma'rifiy, madaniy merosi xaqida ham so‘z borgan. Sharqshunos olim U kishining hayot yo‘li va ijodiy faoliyatiga haqqoniy baho berarkan, Hindistoniy hozirgi kunda muqaddas dinimiz aqidalari va Kur'on oyatlarini noto‘g‘ri talqin qilib keng jamoatchilik fikrini chalg‘itayotgan vahhobiylik oqimi harakatlarini ilk bor aniqlagan va ularga qarshi kurashga birinchilardan bo‘lib bel bog‘laganligini e'tirof etgan.

Hindistoniy juda ko‘plab diniy asarlarga sharhlar yozgani, biroq uning eng salmoqli ishi o‘zbek tilidagi olti jilddan iborat “Bayon ul-furqon fi tarjimat ul-Qur'on” nomli Qur'oni karimning tafsiri bo‘lgani haqida aytib o‘tadi.  Olimning aytishicha Domla Hindistoniy  ushbu kitobini  1966 yilda Misrda qatl qilingan Sayyid Qutbning islom radikallari orasida keng tarqalgan «Qur'on soyasi ostida» («Pod senyu Korana») nomli kitobdagi mavjud aqidalarga qarshi javob tarzida yozilgan”.

Xalq orasida “Tafsiri mavlaviy Hindistoniy” deb ataladigan 1000 sahifaga yaqin bu kitob 2006 yili oz nusxada “Movarounnahr” nashriyotida chop bo‘ldi. Shuni ham ta'kidlamoqchimanki, Biz muhtaram prezidentimizning yaxshi kitoblarni chop etish va kitobxonlikni targ‘ib qilish takliflarini qo‘llab- quvvatlagan holda hamda  kitobxonlarimizning ehtiyojlarini hisobga olib, “Tafsiri mavlaviy Hindistoniy”ning to‘ldirilgan va tuzatilgan ikkinchi nashrini chop etishni mo‘ljalladik. Bugungi kunda Hoji domlaning shogird va muxlislaridan bo‘lgan, mufassir va peshqadam olimlarimizdan biri Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari Hoji domlaning “tafsir”lariga mufti hazrat Usmonxon Alimov bilan birga mas'ul muharrir bo‘ldilar va yozgan taqrizlarida jumladan shunday deydilar:”...allomai zamon bo‘lmish bu zotning murakkab bir vaqtlarda Qur'oni karim tarjimasiga ham vaqt topib, yozib qoldirgan bu asari biz shogird va muxlislariga ko‘zga surtib o‘qigulik tabarruk bir yodgorlikdir. ...Ushbu tarjimaning imkon qadar tez chop etilib, ixlosmand xalqimiz qo‘liga yetib borishida yaratgandan tavfiq tilayman.”

Sharqshunos olim Yefim Rezvanning fikrini davom ettirib aytadiki:”... U (Hindistoniy domla –S.–R) Qur'oni Karimdagi ayrim oyatlarning shifobaxshligini va mayyitlar ruhiga Qur'on o‘qishning savobi yetmaydi deyuvchilarni, avliyolar ziyoratini inkor qiluvchilarni va shunga o‘xshash e'tiqodi nosog‘lom kishilarni qattiq tanqid qiladi. Ya'ni mavjud ahli sunnat val jamoat e'tiqodini himoya qiladi”..

Hindistoniy raqiblarining jo‘n siyosiy qarashlaridan ajablanardi. Nafs bilan jihod qilish tushunchasidan bexabar bunday kimsalarning quruq “jihod” degan safsatasidan ensasi qotardi. Bema'ni jihodning zararini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham Chor Rossiyasi davridagi Do‘kchi Eshon qo‘zg‘oloniga mutlaqo qarshi chiqqan. Uning fikricha, bunday jihodlar faqat musulmonlarning kaltabinligi va zarariga evaziga amalga oshadi. Raqib qo‘lida begunoh musulmonlarning aziyat chekishi bu har qanday gunohdan og‘irroq gunohdir... Ko‘rinib turibdiki, Hindistoniy birinchilardan bo‘lib, o‘rinsiz va muvaffaqiyatsiz jihodning zararini to‘g‘ri payqagan va bunday jihodlarga qarshi chiqqan.

Bugungi kunda Hindistoniyning merosi shaxsiy va davlat arxivlarida saqdanmoqda,– deydi Sharqshunos Yefim Rezvan, – O‘zbekiston va Tojikiston arxivlarida saklanuvchi bu asarlar yetarli darajada o‘rganilmagan va qayta chop etilmagan. Birok, o‘zbekistonlik islomshunos Baxtiyor Bobojonov bu yo‘lda ko‘p izlanishlar qilmokda. Hozirda rossiyalik olimlar ham bu borada baholi qudrat ish olib bormoqdalar. Peterburg arxivida Hindistoniyning ko‘p yillik mehnati singgan kitob va hujjatlari mavjud. Biroq bularni shunchaki internetda joylashtirishning o‘zi kamlik qiladi. Biz katta bir loyihaga qo‘l urdik. Shu bois, biz va o‘zbekistonlik hamkasblarimiz moddiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj sezmoqdamiz”.

Domla qoldirgan ma'naviy meros

Alloma ustozdan qolgan merosni uch qismga taqsimlash mumkin:

A) Yozgan asarlari: Qur'oni Karimning ma'naviy tarjimasi — «Bayonul Furqon fi tarjimatil Qur'on» kitobi; Bu kitob oz nusxada bo‘lsada, 2006 yil «Movarounnahr» nashriyotida chop etildi. Ushbu manbaning ikkinchi nashrining ko‘proq tirajda bosilishi ko‘zda tutilgan;

Ba'zi munosabatlar bilan yozilgan o‘zbekcha va forscha she'rlar, ayrim qaydlar;

B) Tarjimalari: 1954-1955 yillarda Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar bo‘limida ishlab, arab tilidan fors tiliga o‘girgan kitoblari;

Qur'on, hadis, fiqh, ilmi ma'oniy, mantiq, ilmi kalom, sarfu nahv va boshqa fanlardan o‘zlari uchun tarjima qilgan ko‘chirmalar;

Zamaxshariyning «Navobig‘ul kalim» hamda «Maqomoti Zamaxshariy» asarlarining arab tilidan fors tiliga o‘girilgan tarjimasi;

Imom Barzanjiyning «Mavludun nabiy» asarining o‘zbek tilidagi tarjimasi;

Imom Busiriyning «Qasidai Burda» asarining fors tilidagi tarjimasi;

Arab shoiri Farazdaqning Imom Zaynul Obidinga bag‘ishlangan qasidasining o‘zbek tilidagi tarjimasi; Usmon O‘shiyning «Qasidai Omoliy» asarining forscha tarjimasi;

V) Video kasseta va magnitofon tasmasiga yozib olingan ma'ruzalar, ilmiy suhbatlar. Bu ma'ruza va suhbatlar, tafsir, hadis, fiqh, islom tarixi, tasavvuf, adabiyot va odob-axloq haqidadir. Jumladan, Muhammadjon domla Imom Buxoriyning» Al-jomi' as-sahih» hadislar to‘plamini, Marg‘inoniyning «Hidoya», Imom A'zamning «Fiqhi akbar», Abdurahmon Jomiyning «Sharhi Mullo», Abdulqodir Bedil g‘azallari hamda Muhammad Fazlul-imom Xayriobodiyning «Mirqotul-mantiq» asari sharhini, shuningdek «Usuli Shoshiy», «Nurul anvor» va «Muxtasari maoniy» kabi asarlarni o‘zbek va fors tillariga tarjima qilib, magnit tasmasiga yozdirganlar.

Qissadan hissa yoki ayrim xulosalar

Taniqli shoirlarimizdan biri Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat (1858-1909) “Ilm haqida”gi masnaviysida: “Jahon bastu kushodi ilm birla, Nadur dilning murodi ilm birla, Ko‘ngullarning sururi ham ilmdandur, Ko‘rar ko‘zlarning nuri ham ilmdandur”, kabi hikmatli satrlarni bitgan edi. Bugungi kunda yoshlarimizni ilmga, ma'rifatga targ‘ib va tashviq qilayotganimizning boisi ham bejiz emas. O‘tmish allomalarimiz, fozillarimizning hayot tarixiga nazar tashlasak, ilmu ma'rifat uchun dunyo kezganlar, butun yoshlikdagi kuch-g‘ayratlarini, umrlarini ilm olishga baxshida etishgan. Aynan egallagan ilmlarining sharofatidan butun dunyoga mashhur bo‘lishgan. Hoji Hindistoniy domlaning ham bir umr ilmga bo‘lgan chanqoqligi, intilishi, ota-onadan yiroqda faqat kitob mutolaasi bilan band bo‘lishi va pirovard natijada allomai zamon bo‘lib yetishishi yoshlarimiz uchun namuna va ibratdir. Biz mana shunday kishilarni bugungi avlodga o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz darkor.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma'ruzalarida, uchrashuvlarida yoshlarni zararli bo‘lgan har qanday “g‘oya”lardan asrash va ularni ilm olishga targ‘ib qilish haqida kuyunchaklik bilan qayg‘urib gapirmoqdalar. Ulug‘ allomalarimiz va fozillarimizdan o‘rnak olishga, asarlarini o‘qishga da'vat qilayotganlari bejiz emas. Muhammadjon domlaning ham bu borada yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatadigan ilm yo‘lidagi zahmatlari ayni saboq bo‘ladi.

Hoji domlaning qo‘qonlik Ishoqjon domla, Ibrohimjon domla, Ahmadxon domla, Andijonlik Abdullatif domla, Abdurrahim domla kabi yuzlab ilmlik imom-domla shogirdlari borki, ustozlarining donishmandligi, mehribonligi va axloqidan gap ketsa, ko‘zlaridan shashqator yosh oqib, to‘lqinlanib ketishadi...

Domlaning yon atrofida muxlislari, shogirdlari, u kishiga ergashuvchilar benihoya ko‘p bo‘lganini sezgan muxolif kuchlar domlani xalq orasida beobru qilishga, malomatlar yog‘dirishga, orqavorotdan fitna qo‘zg‘ashga, hatto yo‘q qilish rejasini tuzishgacha ham borishgan. Men bir necha yillar Hoji domla bilan hamsuhbat bo‘lgan, xizmatini qilgan andijonlik Okifxon hoji va marg‘ilonlik Olloberdi akalardan yot oqimlarning domlaga nisbatan fitna va xurujlarini eshitib taajjubga tushganman. Hatto imkonini topishsa, suiqasdni amalga oshirishga ham tayyor turgan ekanlar. Bu gaplar havoyi, eshitma gaplar emas, Hoji domlaning shogirdlari ham, ma'ruzalaridagi qaydlar ham bu gaplarning haqligiga guvohliklik beradi.

70-80 yillar atrofida xuruj qilib kelayotgan vahhobiylik, yot oqimlarning kirdikorlari hali unutilgani yo‘q. Bu oqimlarga qarshi turish, ular bilan munozaraga kirishish, vijdon amriga ko‘ra ish qilish har kimning ham qo‘lidan kelmasdi. Qarangki, shunday tahlikali bir davrda Muhammadjon domla butun boshli toifalarga, guruhlarga bir o‘zi shogirdlari bilan qarshi turdi. Domlaning zararli oqimlar vakillari bilan Namangan va Shahrisabz kabi shaharlarda qilgan munozaralari hamon odamlarning yodida. Ba'zilarnng qo‘lida munozara tushirilgan vedio lavhalar, audio kassetalari hali-hanuz saqlanadi. Munozaralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ladimi, ilm halqalarida bo‘ladimi yoki yozishmalar orqali bo‘ladimi, domla faqat ularning adashganliklarini, fitna-fasod qilayotganliklarini ta'kidlar, ularga insof tilar, adashgan toifalarga ko‘proq ilm olishni, hamma narsaga ilmsizlik, kaltabinlik va sayoz qarashlar sabab bo‘lishini bot-bot ta'kidlaganlar. Ba'zi adashgan yoshlarning domla suhbatlarini eshitib, tavba qilib, to‘g‘ri yo‘lni tanlaganliklari ham hamon odamlar tarafidan naql qilinadi. Zo‘ravonlik emas, jaholatga ma'rifat bilan kurashish lozimligini domla aynan o‘z faoliyati bilan isbot qilgan edi. Bir insonga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, gohida ko‘p xayrlarga vasila bo‘lishi mumkin...

Hoji domla ma'ruzalarida mehr-oqibat va musulmon odamning yelkasidagi haq va huquqlarga ko‘p to‘xtalganki, odamlar orasida aynan shu narsa yetishmaydi. Bir ma'ruzalarida “taovun” ya'ni o‘zaro yordam, bir-birga mehr oqibat ko‘rsatish haqida gapirib, insonning yelkasida bola-chaqa, qo‘ni –qo‘shni, mahalla-ko‘y va yashab turgan odamlarning ma'lum bir haqlari borligini ta'kidlaganlar. Hatto mayyitning ham tirik odamlar ustidagi haqlarini eslatganlar. Shu o‘rinda vahhobiylarning mayyitga borib Qur'on o‘qish “bid'at” degan qarashlarini tanqid qilib, mayyit egalaridan hol so‘rash odamgarchilik, muhabbat ramzi va dinimizga muvofiq bir odat ekanidan gapirib, harkimning ham so‘ziga kirib ketishdan odamlarni ogohlantirganlar. Har qanday ustozdan ilm olmaslikni va har qanday kitoblarni ham o‘qiyvermaslikni, bilib-bilmay fatvo bermaslikni, fitna qo‘zg‘ashdan, qon to‘kishdan ehtiyot bo‘lishlikni, Ahmad Yassaviy aytganlaridek “Sunnat ermish kofir bo‘lsa, berma ozor”ga amal qilishni, qo‘ldan kelgancha odamlarga yaxshilik qilishni, Allohdan qo‘rqmagandan qo‘rqishni, harom luqmadan, yolg‘onchilik, pastkashliklardan hazar qilishni, har bir qilgan ishimizdan Allohning oldiga hisob berishimizni doim takrorlab turganlar.

Domla jamiyatdagi xayr-baraka va farovonlikning ikta muhim asosi borligini ta'kidlaydilar:

1. Halol bo‘lish va haromdan hazar qilish.

 2. Odamlar orasida mehr-oqibat va tinchlik-totuvlik.

Bugungi kunda muhtaram prezidentimizning xalqimizdan shu ikki narsani talab qilayotganlari ham bejiz emas deb o‘ylayman.

Hoji domla haqiqiy islomiy ilmga, komil mo‘minga xos bo‘lgan zehn- farosatga, el-yurt sevgisiga, vijdon amriga quloq tutib, jonini xavfga qo‘yib bo‘lsa ham har qanday radikal guruhlar, yot g‘oyalar, fitnalarga qarshi tura oldi va muvaffaqiyat qozondi. Bir-ikki adashgan shogirdlaridan tashqari millionlab shogird va muxlislarini fitna va yot g‘oyalardan himoya qildi, ularni hanafiy mazhabi va Imom Motrudiy aqidasida sobit turishni va bu eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ta'kidladi. Aynan Muhammadjon domlaning hozirga qadar odamlar ongiga va e'tiqodiga ijobiy ta'sir o‘tkazib kelayotganini hisobga olib, u kishini millat qahramoni degim keladi. Ha, ajablanmang! U kishi ma'lum ma'noda millionlab kishilarni chalg‘itishga uringan, kerak bo‘lsa qon to‘kishga ham tayyor bo‘lgan guruhlarni tuxtatgani uchun ham qahramondirlar. Millatimiz farovonligiga hissa qo‘shgan qahramonlarimizdan qancha faxrlansak, millat qalbini tiriltirgan, aqidasini isloh qilgan insonlarni ham shu qadar boshimizga ko‘taramiz. Zero dunyoda qalb xastaligidan og‘irroq va xavfliroq kasallik yo‘q. Alloh taolo ham Qur'oni karimda qalbida marazi bor, buzg‘unchi kimsalarni la'natlagan: “Alloh bilan ahd bog‘lagandan keyin uni buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohdan) la'nat bo‘lur va ular uchun noxush diyor (jahannam) bordir.” (“Ra'd” surasi, 25- oyat) Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam ham muborak bir hadislarida ummatlarining yetmish uch toifaga bo‘linib ketishi, ularning barchasi do‘zaxiy ekani, faqat najot ahli bo‘lgan bir toifasi ya'ni “ahli sunnat val jamoat”gina jannatga tushishidian xabar berganlar. Bir avliyo zot aytgan ekan:” Odamlarga hayronman, o‘liklar uchun yig‘lydilar-u, o‘lik qalblar uchun yig‘lamaydilar?!”

Shaxsan men millatimizdan bunday allomaning chiqqanidan g‘oyat mamnunman. Menimcha, bu olimning vatan va millat oldidagi xizmatlari alohida qadrlanishi kerak. Yuqoridagi aytilganlardan kelib chiqib sarhisob qilsak, hoji domlaning xalq va vatan oldidagi xolis xizmatlari beqiyos tahsinga loyiq. Va hukumatimiz tarafidan ham hisobga olinadi, degan umiddamiz. Zamondoshlarining ustoz alloma haqidagi xotiralarini yig‘ish, u kishi haqida kitoblar yozish va menimcha, Hoji domlaning hayoti shu qadar ibratli va qiziqarliki, hatto u kishi haqida yaxshigina bir film ham ishlash kerak.

Hoji domlaning hayotlari, asarlari, xususan “Tafsiri mavlaviy Hindistoniy”ning ikkinchi nashri, mazhab va e'tiqodimizga to‘la mos bo‘lgan suhbatlari, vedio va audiodagi ma'ruzalari, pand va o‘gitlari kitob holida chop etilishi, yoyilishi ayni muddao bo‘lsa, bu zotning vatan, millat, ilm, ma'rifat, mehr-oqibat haqidagi o‘gitlarini yoshlarimiz ongiga singdirish eng xayrli ishlardan biridir. Chunki, bugungi kunda yoshlarimiz o‘rtasida adashishlar, har xil oqimlarga kirib ketishlar, bilib-bilmay o‘z jonini qurbon qilishlar sodir bo‘layotgan bir paytda, bunday ulug‘ zotlarning hayot va ijodlarini namuna qilib ko‘rsatish ayni muddao bo‘ladi, deb o‘ylayman. Alloh o‘tgan barcha aziz-avliyolarimizning ruhini shod, vatanimizni obod aylasin!

Sayfiddin Sayfulloh,
Filologiya fanlari nomzodi
Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti sohibi,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi

 
Top