14:04 / 27.03.2017
6079

Abdulaziz Komilov Rossiya prezidenti maxsus vakili bilan uchrashdi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

2017 yilning 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili, MDHga a'zo davlatlarning Gumanitar hamkorlik davlatlararo jamg‘armasi (GHDJ) boshqaruvi hamraisi Mixail Shvidkoyni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida madaniy-gumanitar sohada ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida dinamik rivojlanayotgan aloqalarning muhim qismi sifatida muhokama qilindi.

Shu nuqtai nazardan ta'kidlanganidek, A.S.Pushkin nomidagi davlat tasviriy san'at muzeyida O‘zbekiston Milliy muzeyi jamg‘armasining katta miqdordagi rassomchilik va grafika asarlari, arxeologiya topilmalari va amaliy san'at ishlari taqdim etiluvchi bo‘lajak “Sharq xazinasi” nomli keng miqyosli ko‘rgazma, shubhasiz, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarida hamda Moskva madaniy hayotida timsoliy voqeaga aylanadi.

Xabarda aytilishicha, suhbat davomida o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuvda Rossiya elchisi Vladimir Tyurdenev, GHDJ ijrochi direktori Anatoliy Iksanov ishtirok etdi.

Top