15:32 / 27.03.2017
20067

Buxoroning ikki tumanida hokim o‘zgardi

2017 yil 25 mart kuni xalq deputatlari Buxoro viloyati Shofirkon tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda. 

Sessiyada viloyat hokimi, O‘.Barnoyev so‘zga chiqib, Shofirkon tumanida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan qurilish, bunyodkorlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, ta'lim va boshqa sohalarda olib borilgan ishlarni tanqidiy tahlil etdi. 

Shuningdek viloyat hokimi hududda paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlotlarini eksportga yo‘naltirish, irrigatsiya-melioratsiya ishlari sifatini oshirish, ichki yo‘llarni ta'mirlash, arzon uylar, ijtimoiy obektlar qurilishi borasida qator amaliy takliflarni bildirdi. Viloyat mutasaddi idora va tashkilotlari rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Furqat Hasanovich Tursunov tuman hokimi etib saylandi. 

Shu kuni xalq deputatlari Jondor tumani kengashining ham navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi ishtirok etgan ushbu yig‘ilishda o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan Q.Salomov o‘rniga Sirdaryo viloyati “Paxtasanoat hududiy filiali” mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori sifatida faoliyat yuritayotgan Baraka Tolibovich Sattorov tuman hokimi etib saylandi. 

Top