00:33 / 27.03.2017
17660

Tramp Merkeldan 375 milliard dollar talab qilmoqda

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan haftada Vashingtonda o‘tgan yopiq uchrashuvda Germaniya kansleri Angela Merkelga NATO xizmatlaridan foydalanganlik uchun to‘lov hisobi tutqazgan, deya xabar beradi nemis hukumatidagi manbalarga asoslanib The Sunday Times. 

Xabarga ko‘ra, AQSh yetakchisi Germaniyani himoya qilish uchun Berlinning NATO oldidagi qarzi miqdorini 375 milliard dollarga baholagan.

Nomini oshkor etishni istamagan nemis vazirlaridan biri ushbu qog‘ozni "kishining g‘azabini keltiruvchi" deya baholagan. "Bunday talablar ikkinchi tomonni qo‘rqitish uchun ilgari suriladi, biroq kanslerimiz buni xotirjam qabul qildi va ig‘volarga javob bermoqchi emas", — degan u.

Tramp va Merkelning ilk uchrashuvi Oq uyda 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan edi. Ertasi kuni AQSh prezidenti Germaniya kansleri bilan muzokaralar a'lo darajada o‘tganini ta'kidlab, ortidan Germaniya himoyalanish uchun NATO oldida "katta miqdorda" qarzdor bo‘lib qolganini qo‘shimcha qilgan edi.

Ilgariroq, Tramp NATOga a'zo davlatlar alyansni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq bajarmayotganligidan — mudofaa maqsadlari uchun oldindan kelishilgan summa — YaIMining 2 foizini o‘tkazmayotganidan norozilik bildirgandi.

Mavzuga oid
Top