12:50 / 27.03.2017
37724

Viloyatlarda elektr muammosi: “O‘zbekenergo” AJ bunga nima deydi?

O‘zbekiston istiqlolga erishgach, iqtisodiy va boshqa sohalarda ham to‘la mustaqillikka erishdi. Jumladan, elektr energiyasi sohasida ham keyingi yillarda juda katta loyihalar amalga oshirilayotgani sir emas. Ammo tan olib aytish lozimki, respublika aholisini elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida ayrim muammolarga duch kelinmoqda. Bu holat, ayniqsa, kuz-qish mavsumida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Mana shu muammolarning hal etilishi, istiqboldagi rejalar bugun fuqarolarni juda qiziqtirmoqda. Buni tahririyatimizga yo‘llanilayotgan murojaatlarda ham ko‘rish mumkin.

Ana shu maqsadda “O‘zbekenergo”ga tahririyatga kelib tushgan murojaatlarni umumiylashtirib, savollar yo‘llagandi. Tashkilot mutaxassislari savollarga imkon qadar javob bergan.

1. O‘zbekistonning turli hududlarida joriy yilning mart oyidan boshlab elektr energiyasida uzilish holatlari ko‘paygan. Kelib tushayotgan murojaatlarga ko‘ra, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryodagi tumanlarda mazkur holat tez-tez kuzatilmoqda. Bunga nima sabab bo‘lyapti?

Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan Andijon tuman iste'molchilarini mustahkam elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida, 2017/2018 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Shu sabab 105,3 km uzunlikdagi 0,4-6-10 kVli havo elektr uzatish tarmog‘i, 46 dona transformator punkti mukammal ta'mirlanishi hamda 470,4 km uzunlikdagi 0,4-6-10 kVli havo elektr uzatish tarmog‘i, 198 dona transformator punktlari ta'mirlanib, rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr uskunarini rejaviy va navbatdan tashqari ko‘rikdan o‘tkazish hamda qarzdor iste'molchilarni tarmoqdan ajratish kabi ishlar amalga oshirilayotgan vaqtlarda xodimlarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida qisqa muddatli uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.

2. Fuqarolarga ma'lum bo‘lishi uchun har bir hudud bo‘yicha elektr energiyasidagi uzilishlar vaqti infografika tarzda e'lon qilinsa bo‘lmaydimi? Yoki uzilishlar vaqti o‘zgaruvchan bo‘lib, buning sababi boshqa omillarga borib taqaladimi?

Bugungi kunda iste'molchilar tomonidan elektr energiyasidan xonalarni isitish, ovqat tayyorlash va issiq suv ta'minoti uchun foydalanishlari natijasida elektr energiya iste'moli keskin ortib ketishi va elektr qurilmalarini ishdan chiqishiga olib kelmoqda. Ushbu uzilishlarni vaqti o‘zgaruvchan bo‘lib, ya'ni avariya holatlariga olib kelmasligining oldini olish maqsadida, elektr ta'minoti korxonasi hamda mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan kelishilgan “cheklov jadvali” ishlab chiqiladi.

3. Joylarda elektr energiyasidan qarzi bor xonadonlarning elektr uzatish simlari elektr korxonalari xodimlari tomonidan uzib ketilmoqda. Bu qonuniy tomondan qanchalik to‘g‘ri? Xonadonning elektr energiyasidan qarzi borligi tufayli uni elektr energiyasidan mahrum qilish, ya'ni ta'minot kabellarini uzib tashlash sudning buyrug‘i asosida amalga oshirilmaydimi? Umuman olganda, fuqaro o‘z qarzini to‘liq qoplay olmagan taqdirda, oyma-oy bo‘lib to‘lashga haqlimi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2009 yil 22 avgustdagi 245-sonli “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarorining 129-bandiga asosan, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari quyidagi hollarda elektr energiyasini iste'molchiga yetkazib berishni to‘xtatish va uzib qo‘yish oqibatlari uchun javob bermaslik huquqiga ega:
- elektr energiyasi elektr ta'minoti shartnomasidagi miqdordan ortiqcha sarflanganda yoki elektr energiyasi iste'molining belgilangan rejimi buzilganda;
- elektr energiyasi elektr ta'minoti shartnomasiz iste'mol qilinganda;
- «O‘zstandart» agentligi tomonidan belgilangan tartibda qiyoslashdan o‘tkazilgan elektr energiyasini hisobga olish priborlari bo‘lmaganda;
- elektr energiyasi (quvvati) uchun elektr ta'minoti shartnomasida belgilangan miqdorda va muddatda to‘lov to‘lanmaganda;
- elektr qabul qilgichlar hisobga olish priborlaridan tashqari ulanganda yoki elektr energiyasini hisobga olish sxemasi buzilganda, shu jumladan, hisobga olish priborlarining va o‘lchash transformatorlarining plombalari buzilganda.

4. Murojaatlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri elektr ta'minoti korxonasining ayrim xodimlari mahallama mahalla yurib, qarzi bor xonadonlarning kabelini uzdirib tashlayotgani, qaytib o‘lab berish uchun esa 20 ming so‘m pul olayotgani ma'lum bo‘ldi. Qonuniy jihatdan bu to‘g‘rimi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2004 yil 1 noyabrdagi “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 511-sonli Qarorining 4-bandiga asosan, to‘lov muddati o‘tgan qarzlari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha talablarga rioya etilishi uchun shaxsan javobgarlik “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va hududiy elektr energiyasi sotish korxonalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.

30 kundan ortiq qarzdorlik mavjud bo‘lganda “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimi va energiya bilan ta'minlovchi tashkilotlar xodimlariga iste'molchilar uzib qo‘yilmaganligi va ularga elektr energiyasi berilganligi uchun - o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida jarima jazolari belgilanadigan, ushbu holat takrorlaganda esa ular egallab turgan lavozimidan ozod etiladigan hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladigan tartib belgilansin, deb ko‘rsatib o‘tilgan.

Mavzuga oid
Top