19:05 / 28.03.2017
5722

Qoraqalpog‘istonda akvatoriyali davlat unitar korxonasi tashkil etildi

2017 yilning 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining qo‘mitaning 2016 yildagi faoliyati haqidagi hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimlari, manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillari, tabiatni muhofaza qilish hududiy qo‘mitalarining rahbarlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Ta'kidlanganidek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016 yildagi faoliyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini bajarishga, qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga hamda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi davlat nazoratini kuchaytirishga, mamlakatdagi ekologik holatni sog‘lomlashtirishga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 1 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi qarorini ta'minlashga doir tadbirlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e'tibor qaratildi.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish maqsadida aloqador vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda 6 ta qonun loyihasining yangi tahriri, Vazirlar Mahkamasining 10 dan ortiq qarori tayyorlangani va shundan 8 tasi qabul qilingani qayd etildi. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun 18 270 dan ziyod mansabdor shaxs va fuqaro ma'muriy javobgarlikka tortildi, 2 400 dan ortiq obektga da'vo xati kiritildi, 4,13 mlrd. so‘m undirildi. 2015 yil bilan taqqoslaganda davlat byudjyetiga o‘tkaziladigan pul mablag‘larining hajmi 22 foizga ko‘payib, 12,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

2016 yilda ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari xizmatlar, ekologik xavfli chiqindilarni va mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun 3 860 dan ortiq ekologik sertifikat berildi. 27 500 ta loyiha davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazildi, 3 350 dan ortiq ekologik norma belgilandi. 2 960 dan ortiq loyiha tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mos kelmaganligi tufayli takomiliga yetkazish uchun qaytarib yuborildi.

Davlat ekologik ekspertizasining tavsiyalariga muvofiq energetika, neftgaz, metallurgiya, kimyo, qurilish tarmoqlarining, sanoat, kommunal va qishloq xo‘jaligining 318 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektida energiya tejovchi, kam chiqindi chiqaradigan texnologiyalar joriy etildi.

2013–2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi atrof muhitini muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturidagi tadbirlarni bajarish choralari ko‘rildi. Ushbu dastur doirasida Damxo‘ja suv o‘tkazish inshooti qayta qurildi, bu esa Navoiy va Buxoro viloyatlarining bir qancha tumanlarida yashovchi 600 mingdan ziyod aholining suv bilan ta'minlanishini yaxshilash imkonini berdi. Bundan tashqari, Andijon, Qo‘qon, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida uzunligi 211,5 kilometrlik tozalash inshootlari va kanalizatsiya tarmoqlari qurilishi hamda qayta qurilishi yer va suv resurslari ifloslanishining oldini olish imkonini berdi.

Orolbo‘yi mintaqasini ekologik sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi. Orol dengizining qurib qolgan tubidagi 76,1 ming gektar maydonda yangi himoyaviy daraxtzorlar barpo etildi. “Saygachiy” qo‘riqxonasida umumiy maydoni 628,3 ming gektarlik va 219,8 ming gektarlik respublikadagi ilk kompleks (landshaft) qo‘riqxona qurildi. Bu sayg‘oq va hayvonot hamda o‘simliklarning boshqa noyob yo‘qolib borayotgan turlari populyatsiyasini ko‘paytirish imkonini berdi.

Baliqchilikni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston hovuzlarida umumiy maydoni 39 280 gektarlik Jaltirbas, Sudoche va Ribache tabiiy ko‘llarini o‘z ichiga olgan akvatoriyali “Mo‘ynoq akva sanoat” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Atrof muhitni muhofaza qilish, biologik resurslardan oqilona foydalanish va ularni tiklash mintaqaviy dasturlari doirasida Andijon, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida yovvoyi hayvonlar va parrandalarni qo‘paytiruvchi 21 ta qo‘riqxona barpo etildi. Shuningdek 1768 gektarlik maydonda respublikaning farmatsevtika tarmog‘i uchun xom ashyo sifatida foydalaniladigan dorivor o‘simliklarning 50 dan ortiq turini yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalar yaratildi.

2016 yilda donorlarning texnik ko‘maklashish mablag‘larini jalb qilish hamda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beshta xalqaro loyihani amalga oshirish davom ettirildi, 25 ta yangi xalqaro loyiha ishlab chiqildi va 2017 yilda 6 ta yangi loyihani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Dastlabki tarzda ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra ushbu masalani keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish uchun uni Senat Kengashi muhokamasiga kiritish to‘g‘risida Senat Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining qarori qabul qilindi.

Top