18:54 / 28.03.2017
12101

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ustidan monitoring: nima ishlar amalga oshirilgan?

2017 yilning 27 mart kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qonunosti hujjatlari qabul qilinishi ustidan o‘tkazilgan monitoring natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, Moliya va Adliya vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi rahbarlari va boshqarma boshliqlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Senatorlar tomonidan o‘tkazilgan monitoring davomida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksning 129 ta moddasida 174 ta havolaki norma mavjudligi, ularning 105 tasi mazkur Kodeks qabul qilingunga qadar amalda bo‘lgan turli xil normativ-huquqiy hujjatlar (O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, kodekslar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, idoraviy-me'yoriy hujjatlar) bilan tartibga solinganligi aniqlanganligi qayd etildi.


O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining ayrim normalari ijrosini ta'minlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirish, qolgan 24 ta havolaki modda bo‘yicha o‘z vaqtida qonunosti hujjatlarini qabul qilish hamda ularning ijrosi mexanizmlarini belgilash natijasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bitta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, sakkizta Vazirlar Mahkamasi qarori, shuningdek, sakkizta Davlat bojxona qo‘mitasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda qabul qilish uchun kiritilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 15 tadan ortiqroq xavolaki normasi bo‘yicha qonunosti hujjati qabul qilinmagan.

Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Xalqaro yo‘l tashkiloti daftarchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi bojxona konvensiyasi talablariga muvofiq avtotransport vositasiga yuklarni bojxona plombalari va muhrlari ostida xalqaro tashishga ruxsat berish tartibi to‘g‘risida”gi, “Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni davlat mulkini boshqarish bo‘yicha vakolatli organga topshirish qoidalari to‘g‘risida”, “Bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan, erkin realizatsiya qilish taqiqlangan yoki muomalasiga qonun hujjatlariga muvofiq litsenziya yoki ruxsatnoma asosida yo‘l qo‘yiladigan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar va boshqa ashyolar nazorat ostida yetkazib berilayotganda, bu tovarlarni to‘liq yoki qisman olib qo‘yilishi yoki almashtirilishi to‘g‘risidagi tartibni tasdiqlash haqida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari bayrog‘i va farqlash belgisi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi, shuningdek, Bojxona kodeksida nazarda tutilgan ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha boshqa hujjatlar loyihalari bugungi kunga qadar qabul qilinmagan.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan ayrim qonun hujjatlarini Kodeks va boshqa yangi qabul qilingan qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirishning tezkor jarayoni, shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasining ayrim normativ hujjatlarida mavjud bo‘lgan normalar ziddiyatini aniqlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Majlis yakunlari bo‘yicha Senat qo‘mitasi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.

Top