23:11 / 28.03.2017
67204

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritildi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N. Yo‘ldoshev olib bordi.

Senatorlar ishni “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Mamlakatimizning Asosiy Qonuniga tuzatishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga hamda 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq kiritilmoqda.

Muhokama chog‘ida senatorlar ta'kidlaganlaridek, Qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan prinsipial qoidalardan iborat bo‘lib, ularda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish, nomzodlarni tanlash va sudyalar lavozimlariga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80, 81, 83, 93, 107, 110, 112-moddalariga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda. Ushbu tuzatishlarga muvofiq Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma'muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilmoqda.

Qonunni muhokama qilish davomida senatorlar tomonidan qayd etilganidek, sud hokimiyatining oliy organi ikkita ekanligi, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining mavjudligi, avvalambor, sud tizimini boshqarish funksiyalarining takrorlanishiga sabab bo‘layotgan edi, amaldagi tuzilma yagona sud amaliyotini, xizmat vazifalarining oqilona taqsimlanishini ta'minlab bermayotgan edi.

Majlisda ta'kidlanganidek, qabul qilingan konstitutsiyaviy o‘zgartishlar mamlakatimizda sud tizimini yanada chuqur isloh qilish, demokratlashtirish, odil sudlovning samaradorligini oshirish uchun asos yaratadi.

Mazkur konstitutsiyaviy tuzatishlarga muvofiq sud tizimida iqtisodiy va ma'muriy sudlar tuzilmoqda. Senatorlar qayd etganlaridek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtisodiy, ma'muriy sudlarini, shuningdek tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarini hamda tuman, shahar ma'muriy sudlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi ushbu konstitutsiyaviy o‘zgartishlar mamlakatimizda olib borilayotgan ma'muriy, iqtisodiy, bozor islohotlarini sud-huquqiy jihatdan ta'minlash samaradorligini oshirishning, xususiy mulk huquqini, tadbirkorlik faoliyatini sudda ishonchli himoya qilishning muhim omiliga aylanadi. Jumladan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma'muriy nizolarni, shu jumladan davlat organlarining harakatlariga yoki harakatsizligiga, qarorlari ustidan fuqarolarning, tadbirkorlik sub'yektlarining bergan shikoyatlarini va murojaatlarini ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan turli darajadagi ma'muriy sudlarning tuzilishi insonlarning, yuridik shaxslarning qonuniy huquqlarini va erkinliklarini, manfaatlarini sudda himoya qilish samaradorligini tubdan oshiradi.

Asosiy Qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq sud-huquq tizimida yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi joriy etilmoqda. Bu Kengash avval amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasini almashtirishi lozim. Majlis davomida ta'kidlanganidek, mazkur komissiya zarur konstitutsiyaviy maqomga, yetarlicha vakolatlarga ega bo‘lmagan, bu esa amaldagi sudyalar korpusini shakllantirish ishlarining samaradorligiga ta'sir ko‘rsatgan.

Sudyalar oliy kengashi tuzilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 111-moddasining yangi tahririda Sudyalar oliy kengashining konstitutsiyaviy maqomi aniq mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi sud hokimiyati mustaqilligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsipga rioya etilishini ta'minlashga ko‘maklashishi belgilab qo‘yilmoqda. Kengash raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan tayinlanishi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 80-moddasining 4-bandi), Sudyalar oliy kengashi a'zolari qonunga muvofiq Davlat rahbari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Konstitutsiya Sudyalar oliy kengashiga keng vakolatlar beradi. Konstitutsiya 93-moddasi birinchi qismi 14-bandining yangi tahririga muvofiq Prezident O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi taqdimnomasiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi.

Ayni paytda Kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislarini hamda sudyalarini mustaqil ravishda lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi. Shuni qayd etish kerakki, avval sudyalarning bu toifalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanar edi.

Senatorlar qayd etganlaridek, Konstitutsiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga hamda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan ushbu va bir qator boshqa o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari sudda ishonchli himoya qilinishini ta'minlashning, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylanadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top