11:59 / 29.03.2017
4651

Afg‘oniston maxsus kuchlar sonini ikki karraga oshirishni rejalashtirmoqda

Afg‘oniston hukumati mamlakat maxsus bo‘linmalari sonini ikki baravar oshirmoqchi. Hozirda, ularning soni 17 ming harbiy xizmatchini tashkil etadi, deb xabar qilmoqda Reyter agentligi mahalliy va g‘arb mulozimlariga asoslangan holda. 

Xabarlarga ko‘ra, Afg‘onistonning 300 ming kishilik armiyasining uncha katta bo‘lmagan qismini  tashkil etuvchi maxsus kuchlar mamlakatda olib boriladigan hujumkor amaliyotlarning 70 foizini bajaradi. 

"Bizning maxsus bo‘linmalarimiz kuchaytirilishi va yaxshiroq jihozlanishi kerak", — degan mudofaa vazirligi vakili Davlat Vaziriy. U aniq raqamlarni keltirmagan, biroq maxsus bo‘linma armiya korpusi darajasiga yetkazilishini qo‘shimcha qilgan. 

Agentlik manbalarining so‘zlariga ko‘ra, gap ularning sonini ikki karra oshirish haqida bormoqda. Afg‘on hukumati, ayni vaqtda, xorijiy donor mamlakatlar bilan ushbu rejani loyihalashtirish borasida muzokaralar olib bormoqda. 

Top