13:35 / 29.03.2017
17605

Internet tarmog‘ida yangilangan Mercedes-Benz S-Class suratlari paydo bo‘ldi

Saudishift portali ixtiyorida yangilangan Mercedes-Benz S-Class modelining josuslik suratlari paydo bo‘ldi. Uning ekstereri va saloni sezilarli kosmetik o‘zgarishlarga uchragan. Yangi avtomobil taqdimoti aprel oyida Shanxay avtoko‘rgazmasida yoki Nyu York avtoshousida bo‘lishi kutilmoqda. 

Suratlarda hech qanday niqobsiz mashina aks etgan. Unga ko‘ra, S-Class tashqi tomondan yangi yoritqich chiroq va xromlangan to‘siqlar bilan farqlanadi. 

Sedan salonidagi asosiy o‘zgarish rul chambaragi bilan bog‘liq. Unga S-Slass kupe uslubidagi rul o‘rnatiladi. Bundan tashqari, raqamli uskunalar paneli hamda multimedia to‘plamining displeyini ham qayd etish mumkin. Taxminlarga ko‘ra, multimedia tizimini ishoralar bilan boshqarish mumkin bo‘ladi. 

Suratlarda aks etgan mashinaga S560 timsoli ham o‘rnatilgan. Saudishift portaliga ko‘ra, bu modifikatsiya S550 modelining o‘rnini egallaydi. Unga 4 litr, ikki turbinali V8 motor o‘rnatiladi. Yangi dvigatel kuchi 450 ot kuchiga teng bo‘ladi. Bunda, uning yoqilg‘i sarfi 10 foizga qisqaradi. 

Yangilangan S-Class modeliga, shuningdek, bir qatorli olti silindrli motor ham o‘rnatilishi mumkin. U 2017 yil oxiridan sotuvga chiqarilishi ehtimol. 

 

Top