17:42 / 29.03.2017
10303

Tramp uyali aloqa telefonini o‘zgartirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp iPhone’dan foydalana boshladi. U Android’dan xavfsizlik nuqtai nazaridan voz kechdi, deb yozmoqda The Verge nashri.

Davlat rahbari ma'muriyatining ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha direktori kichik Den Skavinoning Twitter’da yozishicha, Tramp “olmali” qurilmani bir necha haftadan beri ishlatmoqda. U AQShning 45-prezidenti tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan so‘nggi xabarlar yangi smartfon orqali joylashtirilganini tasdiqladi. 

Avvalroq Amerika ma'muriyati rahbari Janubiy Koreyaning Samsung brendiga tegishli qurilmadan foydalanishi sabab ko‘p bora tanqid qilingandi. Fevral oyida ikki nafar senator mudofaa vaziri Jyeyms Mettisga maktub yo‘llab, unda “eski, himoyalanmagan Android-smartfonni” buzib kirish oson ekani haqida fikr bildirishdi. 

Ma'lumot uchun, Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida Apple mahsulotlarini boykot qilishga chaqirgandi, sababi korporatsiya FQB murojaati bilan 2015 yilning dekabrida Kaliforniyaning San-Bernandinosida 14 kishini o‘ldirgan va 21 kishiga jarohat yetkazgan terrorchi iPhone’nini buzib kirishdan bosh tortdi.  

Eslatib o‘tamiz, AQShning avvalgi prezidenti Barak Obama dastlab BlackBerry qurilmasidan foydalangan bo‘lsa-da, keyinchalik u ham iPhone’ga o‘tib olgandi.

Mavzuga oid
Top