18:48 / 29.03.2017
17983

«To‘pni quchoqlab uxlaydigan bolalarni tarbiyalashni boshlash kerak». Kelajak uchun yana takliflar

O‘zbekiston milliy terma jamoasi atrofidagi vaziyat qalam ahlida rezonans keltirib chiqardi. Tribuna.uz saytida taniqli sport jurnalisti Xayrulla Hamidov va To‘ra Murod muallifligidagi navbatdagi «Biz ham futbol ko‘ramiz» sarlavhali maqolada O‘zbekiston futbolidagi muammolar uchun yechimlar taklif etilgan.

Futbol qiziq o‘yin. Hammani birlashtiradigan bir jihati ham bor. Shuki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘ynaganda erkak ham, ayol ham, keksa ham, yosh ham, vatanda yurgan ham, olisda yurgan ham, eng qizig‘i, futbolga qiziqqan ham, qiziqmagan ham tomosha qiladi. Stadionga ham boradi. Chunki bu paytda Babayan yoki Ahmedov uchun ko‘rilmaydi – O‘zbekiston o‘ynayapti! Ana shu vatanparvarlik tuyg‘usi birlashtiradi hammani! 

Esingizdami, birinchi prezidentimiz vafotidan keyin termamiz yutgani? Golni nishonlab, qiyqirish o‘rniga bilaklariga qora lenta taqib maydonga tushgan futbolchilarimiz jimgina qo‘llarini ko‘kka qilib, bu g‘alabani Karimovning ruhiga bag‘ishlashgani? Butun O‘zbekiston xalqi yig‘lagandi o‘shanda. Futbolchilarni duo qilgandi... 

Suriya termasiga yutqizishganlarida yana O‘zbekiston xalqi bir tan, bir jon bo‘lib... so‘kishga tushdi. Saytlarda norozi bo‘lib fikr bildirmagan erkak qolmadi, ayol qolmadi. “Babayan aut” degan aksiyalar o‘tkazildi. Biz jim turdik. Qatar bilan bo‘ladigan o‘yinni kutdik. 

Endi yozsak bo‘lar. 

O‘zbekiston – Qatar 1:0 

“Bunyodkor”dagi o‘yindan keyin nima deyishni ham bilmaysan, maqtay desang, maqtagulik o‘yin yo‘q, so‘kay desang, “bollarda ayb yo‘q” – yutishdi. Eng yaxshisi – tahlil! 

Tahlil aslida borni bor, yo‘qni yo‘q deyish va kelajakka ochiq ko‘z bilan qarash. Bundan qo‘rqmaslik kerak, zotan saratonning issiq kunida baribir uning jazirasiga duch kelamiz. Tayyorgarlikni bugundan ko‘rmasak, keyin kech bo‘lishini ko‘raverib, ko‘zlarimiz pishib ketdi. 

Taqqoslash. Bugun terma jamoa murabbiylarini ko‘p solishtirishadi. “Babayan o‘rnida Qosimov bo‘lganida undoq qilardi”, “Abramov bo‘lganda bundoq bo‘lardi”, “Chetdan mutaxassis kelsa, umuman boshqacha bo‘lardi”, degan gaplar ko‘p aytiladi. Lekin bu taxminlarning bitta noto‘g‘ri va hech ham taqqoslash o‘rniga tushmaydigan joyi bor: raqiblar! Ha, aynan mana shu faktor har qanaqa holatda taqqoslash san'atini parchalab tashlaydi. 

Abramov paytidagi Eron boshqa edi, bugungi Eron boshqa. Qosimov davridagi Koreya boshqacha edi, endigi koreyslar boshqa. Qatar va Xitoydagi holatlar ham bizga salbiy ta'sir o‘tkazmayotgan bo‘lsa-da, asosiy raqiblarimizga xalaqit bermoqda. Mana shularning hammasi birlashib, O‘zbekiston terma jamoasiga bugungi kunda umid eshiklarini qiya ochib turgan 3-o‘rinni hadya qilib turibdi. 

“Tog‘dan-bog‘dan” o‘yini 
Tan olish kerak, muxlislar Babayan shogirdlari o‘yinidan g‘alaba qozonib turganda ham rozi bo‘lishmayapti. Buni bosh murabbiyning o‘zi ham bilib turibdi. Matbuot anjumanida hamma jurnalist termamizning uch ochko egasi bo‘lganiga qaramay, kamchiliklari xususida savol beradilar, hech maqtamaydilar, imkon qadar Babayandan tahliliy so‘zlar chiqishini istaydilar. 

Aslida ham, bunday o‘yinni sira maqtab bo‘lmaydi! Hech kim o‘yindan qoniqish hosil qilmayapti. Mana, nechanchi bahski, golga qadar og‘ir o‘yin guvohi bo‘lyapmiz... Raqib jamoa vakillari markazni o‘z qo‘llariga olishsa, tamom, to‘pni qanday qilib narigi jarima maydonchasiga olib borish kerak – umuman ishlanmagani ko‘rinib qolyapti, hatto tasavvurda ham ko‘rib chiqilmagani ochiq-oydin sezilmoqda. 

Xuddi shu o‘yin bilan Suriyadan yengilgan bo‘lsak, Qatarni yengdik. Xo‘sh, natijalar turlichadir, lekin o‘yin o‘zgarmagan-da. Hamma gap shunda... Buning ustiga, termamiz urgan goldan keyin “ignaning ustida o‘tirdik”. Himoyaga “yotib olgan” o‘yinchilarimiz yuragimizni changallatib qo‘yishdi. 

Babayan va jurnalistlar o‘rtasidagi muloqotda ikki tomon bir-biri bilan hech ham kelishmaydi. Doim biri tog‘dan keladi, ikkinchisi bog‘dan. Har anjumanda savollar o‘yin masalasida bo‘ladi, javoblar natija bilan beriladi. Yutib turgan odamga natijani gapirish qulay, albatta. Lekin Samvel Babayan jamoasidagi aynan mana shu muammo baribir o‘z so‘zini aytib kelmoqda: Golli vaziyatlarni yaratishdan oqsash, bog‘lamlar o‘rtasidagi kelishuv yo‘qligi, birgina Odil Ahmedovning individual mahoratiga tayanish va standart vaziyatlarga ishonishdan boshqa dalda qolmagani barchani xavotirga solmoqda. Garchi javoblarda “Chiroyli o‘yinni Jahon chempionati chiptasini qo‘lga kiritsak ko‘rsatamiz!” deyilayotgan bo‘lsa-da, bunday o‘yin hammadan ko‘ra ko‘proq shu gapni aytayotgan murabbiyni qaritmoqda. 

Natija ham maqtangulik emas 
Hozir nega hech kim terma jamoamizdan qoniqish hosil qila olmayotganiga turnir jadvalidagi holatimiz ham sabab. Haliyam uchinchi o‘rindamiz. Bizdan yuqoridagi jamoalar so‘nggi turlarda biz bilan o‘zaro o‘ynaydilar. Ikkisi ham so‘nggi soniyada qanday hnarga ega ekanligini ko‘rsatishgan va bu safar ham takrorlashsa, ajab emas. Yana bir yomon tomoni shuki, bizga qarshi maydonga tushayotgan har bir jamoa uchun aynan shu o‘yin juda muhim. Suriyani eslang, biz bilan kechgan o‘yinida nima qilib bo‘lsa ham g‘alaba qozonishi va shu bilan uchinchi o‘rin uchun kurashda qolishi kerak edi. Toshkentda esa, bu vazifa Qatar zimmasiga tushdi, xayriyatki, eplay olishmadi. 

Endi Eron. O‘z uyida, minglab muxlislari qarshisida JCh chiptasini hal qilish zavqi. Kelib-kelib, tag‘in biz bilan bo‘ladigan o‘yinda. 

Janubiy Koreya bilan kechadigan bahsni-ku, gapirib o‘tirmaylik, bu uchrashuv barcha masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yadigan hayot-mamot o‘yini! 

Ko‘rayapsizmi, janob Babayan, hammamizning xavotirlanishga asoslarimiz yetarli. 

Suriya bilan kechgan bahsga qaytamiz. (Unga hali ko‘p qaytamiz va shu o‘yinni uzoq yillar alam bilan eslab yurmasak edi, deb qo‘rqamiz.) O‘yinda ko‘zga ilingulik vaziyatlar yaratmasak, bizga gol urib ketish cho‘t emasligini arablar isbotlashdi. Hozirda jamoamiz birinchi bo‘limning asabiy o‘tishiga barchani o‘rgatib bo‘ldi. Birinchi golni biz ursakkina, o‘sha golga tayanish mumkin bo‘lyapti, xolos. O‘sha goldan keyingina yigitlar shiddat ila o‘ynashni boshlaydilar, buni ham ko‘ryapmiz. Afsuski, bu holat “Bunyodkor” stadionidagi har bir o‘yinda kuzatilmoqda. Ha, hamma o‘yinda! Demak, hamma gap jamoaning o‘yini haqida ketadigan bo‘lsa, Babayan jamoasining hech qanday maqtanadigan jihati qolmaydi. Lekin shu o‘yin bilan ham hozirda ko‘pchilik kelajakka umid bilan qarayapti. Nega deysizmi? Matbuot anjumanida Babayan faqat natija uchun o‘ynayotganini izohlar ekan, shunday dedi: “Bu guruhda hamma bir xil. Koreyaning ham ustunligi yo‘q!” 

Ha, mana shu joyiga qo‘shilamiz. Narigi guruhdan farqli ravishda, bizning guruhdagi natijalarning deyarli hammasi kichik hisoblar. Yutsak ham, yutqazsak ham kichik ustunlik bilan! Hamma dovdirayotgan, o‘z darajasida o‘ynay olmayotgan davr rostan ham Babayan taqdirida omad so‘zi borligini izohlab qolar, kim biladi, deysiz. 

Xullas, nima bo‘lgan taqdirda ham, joriy yilning yozigacha tin olishga ruxsat berildi, kuzda esa, doimgidek jo‘jalarni sanaydilar. 

Bizning mulohazalar 
Jamoatchilik Babayandan iste'fo berishni talab qilmoqda. Muxlislar terma jamoa “qariyalar termasi”ga aylanib qolganidan norozi. 

Hammasi to‘g‘ri. Necha yillardan beri terma jamoamiz rahbarlari o‘zbek yoshlari ichidan yoshlarni topib, ularni termaga jalb etish ishi, ya'ni seleksiya ishi bilan shug‘ullanmay qo‘ydi. 2050 yilgi musobaqalarda ham qo‘ltiqtayoqlarini maydon chetida qoldirgan Geynrix so‘nggi daqiqalarda maydonga tushib, gol urishi haqida latifalar bejizga to‘qilmayapti. Geynrixning mahoratini kamsitmagan holda aytmoqchimiz: qachongacha Geynrix “najot farishtasi” bo‘ladi termamiz uchun? O‘smirlar o‘rtasidagi Jahon birinchiligida asosiy termamizdan yaxshiroq natija ko‘rsatgan bolalar qayoqqa ketdi? Ular “katta futbol”ni o‘ynay olishmaydimi yoki “kattalar” ularni olishdan or qilishadimi? Balki hasad qilishar? 

Bizningcha, Rossiyada o‘tadigan JChga borishni Babayanni haydash yoki yosh futbolchilarni zudlik bilan termaga olish bilan ham hal qilib bo‘lmaydi. Juda kech. Yaxshisi, keyingi JCh g‘amini yegan ma'qul. 

Buning uchun, avvalo, o‘zim demaydigan, cho‘ntagim demaydigan, O‘zbekistonni deydigan, o‘zbek xalqining ori, nomusini deydigan bir vatanparast murabbiyni topish kerak!

Undan keyin boyish istagida bo‘lmagan, o‘zbeklarning yuzini yorug‘ qilaman, degan, ko‘zida o‘t chaqnagan, qalbida xalqiga bo‘lgan muhabbat gurillab yongan o‘zbek yigitlarini topish kerak. Xuddi Hasanboyga o‘xshagan! 

Hoziroq to‘pni quchoqlab uxlaydigan, tushida ham futbol o‘ynaydigan oddiy o‘zbek bolalarini topib, iloji bo‘lsa, qishloqlarda, mahallalarda to‘p tepadigan bolalarni topib, ularni jahon chempionlari bo‘ladigan futbolchi qilib tarbiyalash ishini boshlash kerak. 

Futbol maktablariga, bolalar jamoalariga Falonchiyevlar tuzib beradigan ro‘yxat bilan olinmasligi, Pimadonchiyevlarning bolalari olinmasligi shart!

Milliy chempionat o‘yinlarini sotishni bas qilish kerak. Sotilgan o‘yinlarning aybdorlarini, sotilgan hakamlarni uzoq muddatga qamash kerak!

Futbolda porani tomiri bilan yo‘qotish kerak. Bu juda qiyin, albatta. Ammo jahonga chiqishning boshqa yo‘li yo‘q. 

To‘ra Murod, Xayrulla Hamidov

Mavzuga oid
Top