10:59 / 30.03.2017
27153

Ruxsatsiz tekshirish o‘tkazgan shaxslar tegishli jazoga tortildi

Illyustrativ surat

Toshkent shahar adliya boshqarmasining Tadbirkorlik sub'yektlari va xorijiy investitsiyalarni huquqiy himoya qilish bo‘limining asosiy vazifalaridan biri nazorat qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyatida tekshirishlar o‘tkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni ta'minlash hisoblanadi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 2017 yilning uch oyi davomida nazorat qiluvchi idoralar tomonidan 12 ta holatda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida ruxsatsiz tekshirishlar o‘tkazilganligi aniqlandi. Bu haqda Kun.uz`ga Toshkent shahar adliya boshqarmasi xabar berdi.

Jumladan, 11 ta holatda Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasida 1 ta holatda Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi mas'ul xodimlari tomonidan ruxsatsiz tekshirishlar o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Xususan, Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan 2016 yilning 22 mart kuni Kichik xalqa yo‘li ko‘chasida savdo qilayotgan xususiy tadbirkor M.Qosimovaga, 23 mart kuni A.Meliboyevga  qarashli savdo shahobchasida, Kichik xalqa yo‘li ko‘chasida savdo qilayotgan xususiy tadbirkor Sh.Badalovga qarashli savdo shahobchalarida tegishli ruxsatnoma olmasdan tekshirish o‘tkazilganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi mutaxassisi tomonidan 2016 yilning 18 mart kuni Chilonzor tumanida joylashgan “REAL STOM SERVIS” MChJda ruxsatsiz tekshirish o‘tkazilganligi aniqlandi.

Ushbu holatlar yuzasidan yuqoridagi mas'ul xodimlarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2412-moddasi bilan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib tegishli Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga yuborilgan. Sudlar tomonidan yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzilishi holatlarini sodir etgan shaxslar aybdor deb topilib, ayblilik darajasiga qarab eng kam oylik ish haqining ½ baravaridan 20 baravarigacha miqdorida jarima qo‘llanildi. 
 

Top