19:09 / 31.03.2017
12867

Bloomberg: Ukraina "chiqindi ostida qolmoqda"

So‘nggi yillarda Ukraina juda jiddiy muammoga duch keldi - mamlakat tom ma'noda o‘z chiqindilari ostida qolib ketmoqda. Bloomberg shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi

Manbada ta'kidlanishicha, Ukrainada 36 ming qonuniy va noqonuniy chiqindixonalar mavjud. Chiqindilarni utilizatsiya qilishda ham talay muammolar bor: hukumat chiqindi yig‘ish uchun pul to‘lashga shoshilmayapti, shahar ma'muriyatlari esa ularni qayta ishlash g‘oyasini juda sekin targ‘ib qilmoqda va chiqindilarni yo‘q qiluvchi zavodlar hamda boshqa infratuzilmalar qurilishi uchun kerakli mablag‘ ajrata olmayapti.

"Ukrainadagi chiqindixonalar aksariyatining xizmat muddati tugab bo‘lgan, shunday bo‘lsa-da, ulardan foydalanishda davom etishmoqda. Ularning har birida kutilmaganda yoqimsiz holatlar ro‘y berishi mumkin", - deya BMT Taraqqiyot dasturining energetika va atrof-muhit sektori rahbari Sergey Volkovning so‘zlarini keltiradi agentlik. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Ukrainada 95 foiz qattiq chiqindi chiqindixonalarga yo‘llanadi. Taqqoslash uchun - YeIda, Yevrostat bahosiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 45 foizdan oshmaydi. Yevropaning 39 mamlakatiga taqqoslaganda, Ukraina chiqindilarining atigi 4 foizigina qayta ishlashga yo‘llanar ekan. 

Nashrda ta'kidlanishicha, Ukrainada ekologik fojia xavfi ortib bormoqda. O‘tgan yilning may oyida Lvovdagi chiqindixonada bir necha hafta davomida o‘nlab tonna chiqindi yongan. Voqea 4 nafar qutqaruvchini hayotdan olib ketdi. 

Hech kim chiqindilar utilizatsiyasi uchun pul to‘lashni istamaydi va bu Ukraina bozoridagi xorijiy kompaniyalarni cho‘chitmoqda. Bundan tashqari, utilizatsiya bilan bog‘liq ishlarning 80 foizi "chet"da olib boriladi - boshpanasi yo‘q kishilar ko‘chalar va maxsus punktlardan chiqindilarni yig‘ib, buning evaziga naqd pul olishadi. 

Top