22:47 / 01.04.2017
3699

Misr prezidenti Tramp ma'muriyati bilan aloqa o‘rnatish uchun jo‘nab ketdi

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy shanba kuni AQShga uchib ketdi. Prezident u yerda Donald Tramp davlat rahbari lavozimiga o‘tirganidan beri ilk bor ko‘p kunlik rasmiy tashrif bilan bo‘lib qaytadi.

Tashrif arafasida Misr prezidenti rasmiy vakili A'lo Yusufning aytishicha, "prezidentlar tomonidan o‘tkazilajak muzokaralar mobaynida nafaqat ikki tomonlama munosabatlarga oid masalalar, balki mintaqaviy va xalqaro muammolar ham tilga olinadi".

 

Munosabatlarni qayta ishga tushirish

As-Sisiyning Vashingtonga tashrifi arafasida AQSh ma'muriyati vakili jurnalistlar oldida chiqish qilar ekan, "Donald Tramp misrlik hamkasbi bilan muzokaralar chog‘ida Misr bilan munosabatlarni "qayta ishga tushirish"ni istagida ekanligi"ni bildirgan. Misr prezidenti rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, "har ikki tomon kelayotgan davr uchun strategik munosabatlarni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilishadi". A'lo Yusufning qo‘shimcha qilishicha, Misr Amerika ma'muriyati bilan turli sohalarda hamkorlikni yanada ko‘proq muvofiqlashtirilishini istaydi.

Trampdan oldingi prezident Barak Obama va Misrning amaldagi prezidenti o‘rtasidagi munosabatlar ancha sovuq edi. Xususan, avvalgi AQSh ma'muriyati tomonidan Misrdagi inson huquqlariga rioya etish masalasi keskin tanqid qilingani bunga sabab edi. Obama hattoki Misr uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ yetkazilishi va har yili ko‘rsatiladigan 1,3 milliard dollar miqdoridagi harbiy yordamni ham ma'lum bir muddatga to‘xtatib qo‘ygan edi.

Tramp esa aksincha, terrorchilikka qarshi kurashayotgan Misrga harbiy yordam davom etishini bildirib o‘tgan. Qohiradagilar xavfsizlik masalasida fuqarolari AQShga kirishi vaqtinchalik cheklab qo‘yilgan musulmon davlatlari ro‘yxatiga Misr kiritilmaganini ham alohida qayd etishgan.

 

Misr tomon yangi nigoh

Misr tashqi ishlar vazirining sobiq yordamchisi, xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Rizo Shahotaning fikricha, AQShning yangi ma'muriyati  Misr va bu arab davlatida bo‘layotgan hodisalarga boshqacha ko‘z bilan qaraydi. "AQSh bilan munosabatlarimiz hech qachon uzilmagan, biroq Obama ma'muriyatining Misrda bo‘layotgan voqealarga nazari boshqacharoq, haqiqatni aks ettirmas edi. O‘ylaymanki, yangi ma'muriyat bundan tegishli xulosa chiqargan", — degan diplomat RIA Novosti bilan suhbatda.

U Misrda ulkan iqtisodiy qiyinchiliklar va terrorchilik tahdilari borligiga qaramasdan prezidentlik va parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, yangi konstitutsiya qabul qilinganini nazarda tutayotganini bildirdi. "Mamlakatda xavfsizlikni ta'minlash va boshqa tomondan, inson huquqlariga rioya qilish o‘rtasida yuqori darajali muvozanatga erishildi", — degan agentlik suhbatdoshi.

Misrlik diplomat Vashingtonning Yaqin Sharqdagi xavfsizlik muammolarini hal etishdagi aralashuvlarini inobatga olib, Misr AQSh bilan davlat rahbarlaridan tortib, ekspertlargacha bo‘lgan barcha darajadagi muloqotlardan manfaatdor ekanligini ta'kidladi. Bundan tashqari, Qohiradagilar o‘z iqtisodiyotiga Amerika investitsiyasini kengroq jalb etilishidan umidvor.

Biroq Shahota AQSh bilan munosabatlarning rivojlantirilishi mamlakatning Rossiya bilan "an'anaviy va tarixiy" munosabatlariga putur yetkazmasligini ta'kidlab o‘tdi. "Biz atom energiyasi ishlab chiqaradigan "Az-Zoba'" loyihasining yakuniy ishga tushirilishi orziqib kutmoqdamiz. O‘n yilliklarga mo‘ljallangan bu loyiha siyosiy nuqtai nazardan ham muhim: u Rossiya va Misr o‘rtasida mavjud o‘zaro ishonch mustahkam ekanligidan dalolat beradi", — degan Shahota.

 

Masalaning iqtisodiy jihati

Aynan Amerika investitsiyalarini jalb qilish uchun Misr yetakchisi AQSh savdo palatasi vakillari, Amerikaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi. Bu uchrashuvlarda Misr iqtisodiyotiga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilinadi", — degan Misr prezidenti ma'muriyatining rasmiy vakili.

AQShga tashrifi mobaynida As-Sisiy Qohiraning yirik kreditorlari hisoblanmish Butunjahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yuqori martabali amaldorlari bilan ham uchrashadi.

Mavzuga oid
Top