23:28 / 02.04.2017
5885

Armanistondagi parlament saylovlarining ilk natijalari ma'lum qilindi

Foto: TASS

"Yerkir Media" telekanali buyurtmasiga ko‘ra Baltic Surveys / The Gallup Organization kompaniyasi tomondan Armanistondagi parlament saylovlari bo‘yicha o‘tkazilgan ekzitpol natijalariga ko‘ra, mamlakat parlamentiga 4 partiya o‘tmoqda. Saylovlarda 46 foiz ovoz bilan mamlakat prezidenti boshchiligidagi Respublika partiyasi yetakchilik qilmoqda.

So‘rovnomaga ko‘ra, 2-o‘rin "Tsarukyan bloki"ga (25 foiz), 3-o‘rin muxolif blok "Yelk" (10 foiz) va 4-o‘rin "Armaniston inqilob federatsiyasi Dashnaktsutyun" (5 foiz) partiyasiga tegmoqda. So‘rovnomani tuzishda 19130 saylovchi fikri so‘ralgan.  

Parlamentga o‘tish uchun partiyalarga 5 foizdan ko‘proq, bloklarga esa 7 foizdan ko‘proq ovoz yig‘ish kerak edi.

2 aprelda o‘tgan saylovlarda davomat 50,93 foizni tashkil qilgan.

Saylovlar davlat boshqaruvining prezidentlik shaklidan parlament shakilga o‘tishini anglatadi. Yangi tartib 2018 yil fevralda prezident Serj Sargsyanning vakolatlari tugagach, rasman rasmiylashtiriladi. Keyingi prezidentning vakolatlari faqatgina vakillikdan iborat bo‘ladi va prezident parlament tomondan saylanadi. Biroq hozirdanoq bosh vazirni tasdiqlash jarayoni o‘zgaradi: uning nomzodini parlamentda ko‘pchilik o‘rin olgan partiya yoki partiyalar koalitsiyasi taklif qiladi va tasdiqlaydi. 

Konstitutsiyaviy talabga ko‘ra, saylovlar natijalariga ko‘ra 54 foizdan iborat barqaror ko‘pchilikni shakllantirish lozim. Bunday ko‘pchilikning yo‘qligi saylovning 2-bosqichi o‘tkazilishiga olib keladi. 2-tur g‘olibi qo‘shimcha mandatlar olib, o‘ziga barqaror ko‘pchilikni ta'minlaydi.

Mavzuga oid
Top