21:48 / 02.04.2017
100290

«Xorijga omi odamlarni jo‘natmaymiz». Migratsiya agentligi vakilidan javoblar

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan 1 aprel kuni Janubiy Koreyada ishlash istagini bildirib ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning koreys tilidan bilimlarini sinash maqsadida dastlabki sinov o‘tkazilishi kerak edi. 

Sinov «Koreys tili bo‘yicha test savollar» deb nomlangan bo‘lsada O‘zbekiston va Jahon tarixi, adabiyot, geografiya, huquqshunoslik, biologiya, fizika va kimyo kabi fanlaridan savollar aralashtirilib, o‘zbek tilida berilib, javob variantlari esa koreys tilida berilgan.

Bu savollar bir-biridan murakkab, bir-biridan mantiqsiz va kulgili, chala-yarim holatda bo‘lgan hamda bunday testni topshirishning amalda iloji bo‘lmagan.

Janubiy Koreya - qulflangan diyor. Migratsiya agentligining to‘rt kunlik tomoshasi

Janubiy Koreyaga ishlash uchun ketayotgan kishilardan «Sirdaryo viloyati aholisining qancha qismi chuchuk suv ichishi», 1934 yilda Tunisda tuzilgan «Yangi dastur» partiyasi rahbari aslida qanday kasb egasi bo‘lgani, «Mo‘g‘ul xoni Xitoyda qachon qaysi sulolaga asos solganiyu», «Mitti yulduz» kitobi kimniki ekani, «Halima enam allalari» she'riy to‘plami muallifi kimligiyu, «Chustda qachon qo‘zg‘alon bo‘lgani»dan tortib, qaysidir Ahmad qachon vafot etganigacha so‘ralgan.

Kun davomida «Kun.uz» tahririyatiga tinimsiz telefon qo‘ng‘iroqlari davom etdi, maktublar yuborildi va bu holatni yoritish so‘raldi.

Sayt xodimi agentlik vakili bilan bog‘landi va ba'zi savollarga javob olishga harakat qildi. 

Agentlik vakili avvaliga bugun dam olish kuni ekanini ro‘kach qilib, gaplashishga ro‘yxushlik bermadi. Holbuki, agentlik 2 aprel kuni ham sayti orqali test o‘tkazishni davom ettirishi kerak bo‘lgan, ammo bugun agentlik sayti faoliyat yuritmayapti.

Agentlik vakili jarayondan boxabarligi, «Kun.uz» saytida nashr qilingan «Janubiy Koreya - qulflangan diyor. Migratsiya agentligining to‘rt kunlik tomoshasi» va «Halima enam allalaridan Ahmad qachon o‘lganigacha. Koreyaga ishchilar kerakmi yoki professorlar?» materiallarini o‘qiganini bildirdi. Lekin u bu maqolalardagi fikrlarga qarshi borib, agentlik siyosatini yoqlashda davom etdi.

Halima enam allalaridan Ahmad qachon o‘lganigacha. Koreyaga ishchilar kerakmi yoki professorlar?

«Biz axir u yerga omilarni jo‘natmaymizku? O‘zingiz ham tushunasiz. Axir biz Koreyaga qora ishga yubormaymiz. U yerda zamonaviy texnologiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish. Biz jo‘natadigan ishchilar zavodlarga borishadi va malaka oshirib, yurtimizga qaytishganidan keyin tajribalarini shu yerda qo‘llashadi», dedi suhbatdosh.

Shu o‘rinda «Bu vositachi agentlikmi yoki malaka oshirib kelishga yuboradigan dasturmi?» savoli tug‘iladi.

Test savollari darajasidan uning o‘zi qanchalik xabardorligi haqida so‘ralganida esa u xotirjamlik bilan javob qaytardi.

«Savollarning barchasi kollejni bitirganlar bilishi kerak bo‘lgan savollar. Bitiruvchilarga bitiruv imtihonlari vaqtida beriladigan savollar darajasidagi savollar», deya dastaklaydi agentlik vakili.

Shu o‘rinda unga bu savollarga hatto universitet bitiruvchilari javob topa olmayotgani bildirilganida, «Chunki, bu litsey va kollej bitiruvchilari darajasida tuzilgan savollar» qabilidagi mantiqdan yiroq javob eshitildi.

Undan bu savollarni kim tuzib bergani so‘raldi, aniq javob bo‘lmadi. Shu bilan birga u berilgan savollar litsey va kollejlarni bitirayotganda beriladigan savollarga aynan to‘g‘ri kelmasligi, lekin shunday savollarga muqobil sifatida tuzilganini qo‘shimcha qildi.

Qarshi fikr bildirishda davom etar ekan, agentlik vakili «bunday e'tirozlar asosan, odamlardan pul yig‘ib olib, ularni Koreyaga jo‘natishga yordamlashadiganlar, xususan, koreys tili o‘qituvchilari tomonidan bildirilayotgani, oddiy kishilar esa, indamasdan test yechishi» haqida bir-biridan bemulohaza fikrlarni aytib o‘tdi.

Qayd etish kerakki, suhbat davomida u bugun ish kuni emasligini ro‘kach qilib, tezroq suhbatni yakunlashga harakat qildi. 

Undan bugun ham test o‘tkazilgan-o‘tkazilmagani so‘raldi. Avval belgilangani bo‘yicha test 1-2 aprel kunlarida o‘tkazilishi kerak edi. U bundan bexabarligini yashirib o‘tirmadi.

«O‘tkazilayotgan bo‘lsa, o‘tkazilayotgandir. Shunday yozilgan bo‘lsa, demak o‘tkazilyapti», ko‘rinishida bo‘ldi uning javobi.

Ta'kidlash kerakki, bugun test o‘tkazilmadi va bu texnik nosozlik ro‘y bergani bilan izohlandi.

«Yonib turgani yo‘qdir», deya u vaziyatni to‘la his qilmayotgani, aynan agentlik tug‘dirgan muammolar o‘n minglab kishilarning hayotiga ta'sir ko‘rsatganiga befarqligini ko‘rsatdi.

Yakunda u ertaga rasmiy ma'lumotlar berilishini ma'lum qilib, go‘shakni qo‘ydi.

Yuqorida aytilganidek, «Kun.uz» ofisiga kun davomida o‘nlab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Murojaat qiluvchilar agentlik operatorlari bilan gaplasha olmaganidan keyin saytdan yordam so‘ramoqda. Operatorlarda esa hech qachon javoblar topilmayapti yoki ular fuqarolarning so‘zlarini shunchaki yerda qoldirishmoqda.

«Kun.uz» uzzukkun murojaatlarni tinglashda va muammolarni hal qilishda yordam ko‘rsatishda davom etadi.

Top