18:26 / 02.04.2017
10169

Pokistondagi ibodatxona nazoratchisi 20 izdoshini o‘ldirishiga izoh berdi

Pokistonning shimoli-sharqida, Panjob viloyatining Sargodha shahrida joylashgan diniy markaz rahbari o‘z tarafdorlari bilan birga 20 nafar izdoshini oldin giyohvand moddasi berib, keyin kaltaklab o‘ldirishi sababini ma'lum qildi. Uning ko‘rsatmalari haqida politsiya Frans Press agentligiga ma'lumot bergan.

"55 yoshli Abdul Vohid tan oldiki, u bu odamlar o‘zini o‘ldirishidan qo‘rqqani uchun ularni o‘ldirgan", — degan politsiya bo‘limi boshlig‘i Zulfiqor Hamid.

Ushbu jinoyatning sabablari hali rasman o‘rnatilmadi, ammo politsiya ma'lumotiga ko‘ra, qotillik tashkilotchisi kuchli ruhiy kasallikdan aziyat chekkan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ushbu hodisa ibodatxonadagi hokimiyat uchun kurashning bir qismi bo‘lishi ham mumkinligi taxmin qilingan.

Omon qolganlardan birining aniqlik kiritishicha, so‘fiylarning ushbu ibodatxonasida rahbarlik qiluvchi shaxs telefon orqali 20dan ortiq kishini chaqirgan va ularning har birini alohida qabul qilgan. U avvaliga izdoshlarini mehmon qilgan, ularga giyohvand modda bergan. Shundan so‘ng kaltak va to‘qmoqlar bilan ularni kaltaklagan. Ushbu hodisa haqida binodan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan ayollar xabardor qilgan. Politsiya Abdul Vohid hamda uning ikki yordamchisini qo‘lga olgan.

Ommaviy qotillik yuz bergan bino bir necha yil avval qurilgan va hukumatning taqiqiga qaramasdan, markaz binoda faoliyat olib borgan.

 

Top