21:17 / 03.04.2017
11464

O‘zbekiston Peterburgdagi portlash munosabati bilan Rossiyaga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahri metrosidagi portlash natijasida insonlar halok bo‘lishi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari o‘z maktubida halok bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamda jarohatlanganlarga chuqur hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi.

Bugun, 3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida, poyezd «Texnologiya instituti» bekatidan harakatlanishni boshlaganida portlash yuz berdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra ushbu portlash tufayli 10 kishi halok bo‘lgan, 22 kishi jarohatlangan.

Seshanba kunidan Sankt-Peterburg shahrida uch kunlik motam e'lon qilindi.

Top