13:37 / 03.04.2017
15127

O‘zbekistonga IShIDga tegishli ma'lumotlarni olib kirmoqchi bo‘lgan qozog‘istonlik shaxs ushlandi

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 90 ga yaqin  kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishi holatlarida aniqlangan bo‘lib, natijada qiymati salkam 320 mln. so‘mlik tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy olib o‘tilishi oldi olindi. 

Ta'kidlash joizki, aniqlangan huquqbuzarlik holatlaridan aksariyat qismi yoshlar ongiga salbiy ta'sir etuvchi xar xil turdagi diniy va pornografik mazmundagi videorolik hamda fotosuratlarning olib o‘tilishiga doir qoidabuzarliklar tashkil etadi.

Masalan, 2017 yil 17 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tish maqsadida “Sirdaryo” chegara bojxona postiga piyoda kirib kelgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi L.Janasovga (ismi sharifi o‘zgartirilgan) tegishli, muqaddam foydalanishda bo‘lgan “IPhone 5S” rusumli telefon apparati xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, telefon apparatining xotirasida 2 dona shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi videolavhalar, shuningdek, 9 dona behayo va pornografik mazmundagi xamda 5 dona diniy mazmundagi videolavhalar borligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2017 yil 20 yanvardagi BK-024-sonli ekspertlik xulosasiga ko‘ra, ushbu telefon apparatining xotirasida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi ta'qiqlangan 2 dona shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi videolavhalardagi ma'lumotlar IShID diniy ekstremistik tashkilotiga tegishli bo‘lib, ularda diniy adovatni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarning mavjudligi, shuningdek, ushbu videolavhalar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘irilganligi ma'lum bo‘lgan.  

Ushbu xolat yuzasidan fuqaro L.Janasovga nisbatan 2017 yil 27 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishliligi bo‘yicha sud idoralariga yuborilgan.

Top