12:55 / 04.04.2017
7967

AQSh armiyasi yaralanganlarni olib ketuvchi yangi dronni sinovdan o‘tkazmoqda

AQSh mudofaa vazirligi saytining xabar berishicha, Amerika armiyasi yangi texnologiyani sinovdan o‘tkazishga kirishdi. U jangovar harakatlarda foyda berishi mumkin. Gap DP14 droni haqida bormoqda. U shakliga ko‘ra, yuk vertolyotiga o‘xshash bo‘lib, ikkita parrak bilan jihozlangan hamda maxsus kameraga ega, unda yaralangan insonni olib ketish mumkin.

Dron 200 kilogrammga qadar bo‘lgan yukni ko‘tarish imkoniga ega, uzunligi qariyb ikki metrni, korpus eni – yarim metrni tashkil etadi. Uchuvchisiz sanitar-dron havoda taxminan ikki soat qolishi mumkin, shu bilan birga, uning tezligi soatiga 130 kilometrni tashkil etadi.

Qurilma lazerlar tizimi, GPS va sun'iy idrok yordamida mustaqil harakatlana oladi. U boshqa tizimlardan olingan ma'lumotlar orqali yo‘nalishni mustaqil ravishda ishlab chiqishi mumkin. Bu esa dronga hattoki tutun, chang va yomg‘ir paytida ham yo‘lni bexato topishga imkon beradi.

Dron istalgan joyda uchishi va qo‘nishi mumkin.

Bunday qurilmalarni ommaviy ravishda qo‘llash haqida gapirishga hali erta, biroq AQSh armiyasi shunday texnologiyalarga qiziqish bildira boshladi.

Top