21:04 / 04.04.2017
19682

Avstraliyaga zaharli ilonlar, chayonlar va o‘rgimchaklar joylangan qutilar yo‘llandi

Aprel oyi boshida "ikki juft poyabzal" yozuvi tushirilgan jo‘natma Avstraliya bojxona xizmatida shubha uyg‘otdi. Chegarachilar qutini rentgen tekshiruvidan o‘tkazishdi va uning ichida bir necha zaharli ilon, o‘rgimchak va chayonlar borligini aniqlashdi. Bu haqida International Business Times nashri xabar berdi

Jo‘natma ichida jonivorlar joylangan kichik konteynerlar bo‘lgan. Konteynerlar ichida esa uch qirollik pitoni, ikki oddiy suvilon, olti ma'bad kufiysi, ikki Kolumbiya gigant-tarantulasi, besh braxipelm smit tarantulasi, ikki Braziliya pushti qushxo‘ri va to‘rt Osiyo o‘rmon chayoni bo‘lgan.

Barcha jonivorlar topilishi bilanoq Biologik xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan xavfsizlantirilgan, lekin ba'zi o‘rgimchaklar tashish vaqtidayoq nobud bo‘lgani aniqlandi. 

Jo‘natmani aynan kim yo‘llagani noma'lum, uning Avstraliyaga Shimoliy Yevropadan yetkazilganigina ma'lum. Qutidagi ba'zi jonivor turlari faqat ekzotik hududlarda yashaydi. Voqeani o‘rganish ishlari davom etmoqda. 

Avstraliyada boshqa joylarga nisbatan ko‘proq zaharli ilonlar bo‘lishiga qaramay, Qishloq xo‘jaligi va suv resurslari vazirligi vakili mamlakatda chegara orqali olib o‘tiluvchi har qanday jonivorga mas'uliyat bilan yondashilishini ma'lum qildi. 

"Jonivorlarni sevuvchi, lekin sudralib yuruvchilar va o‘rgimchaklarni qutilarga joylab, pochta orqali yo‘llovchi kimsalar ularning taqdiri yoki Avstraliya uchun oqibatlari haqida o‘ylashmaydi", - dedi Avstraliya Qishloq xo‘jaligi va suv resurslari vazirligi vakili.

Mavzuga oid
Top