16:40 / 04.04.2017
15934

Buxoroda juda katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan shaxslar jazoga tortildi

Ziyodilla Mustafoyev rahbarlik qilgan mas'uliyati cheklangan jamiyat nomini eshitgan borki, bu korxona xayrli va ezgu ishlarni amalga oshirishiga shubha bilan qaramaydi. “Ziyo san'at”! Afsuski, hamma vaqt ham biz o‘ylagandek, biz istagandek bo‘lib chiqmas ekan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

“Ziyo san'at” MChJ rahbari Z.Mustafoyev “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining Qorovulbozor tuman bo‘linmasi menejyeri Sh.Nosirov va texnik nazoratchi I.Ahmedov bilan ish yuzasidan pudratchi tashkilot sifatida 2014 yil 1 avgust kuni shartnoma tuzadi. Shartnomaga ko‘ra, “O‘zagrosug‘urta” AJ Qorovulbozor tuman bo‘linmasining yangi ma'muriy binosini qurish yuzasidan 1 mlrd. 214 mln. 837 ming so‘mlik qurilish ishlari bajarilishi lozim bo‘ladi.

Mas'uliyati cheklangan jamiyat tomonidan haqiqatda 1 mlrd. 94 mln. 709 ming so‘mlik ishlar bajariladi. Ammo nafsini qondirish masalasi hali ochiq edi. Ana shu yerda F5-shakli “ish” beradi. 2015 yil 30 dekabrda tuzilgan, rasmiy hujjat hisoblangan F5-shakldagi dalolatnomalariga bajarilgan ishlarning hajmi 1 mlrd. 214 mln. 824 ming so‘m qilib ko‘rsatiladi. Bu bilan hujjatlarga soxta ma'lumot va yozuvlar kiritilib, haqiqatda bajarilmagan 120 mln. 114 ming so‘mlik qurilish ishlari qo‘shib yozilib, hujjatlar qalbakilashtiriladi. Keyin ushbu hujjat “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatiga taqdim etiladi va mas'uliyati cheklangan jamiyatning hisob raqamiga yuqorida keltirilgan miqdordagi mablag‘ning o‘tkazilishiga zamin yaratiladi.

Bunday usul bilan pul topish ma'qul kelgach, Z.Mustafoyev endi Buxoro viloyat hokimligi huzuridagi yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasining bo‘lim yetakchi mutaxassisi X.Turdiyev bilan o‘zaro kelishadi. Bu gal pudratchi bilan buyurtmachi o‘rtasida 2015 yilning 2 mart kuni Buxoro soliq kasb-hunar kollejining 150 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxonasi binosini ta'mirlash bo‘yicha pudrat shartnomasi imzolanadi va 1 mlrd. 958 mln. 522 ming so‘mlik qurilish ishlarini bajarishga kelishiladi. Amalda esa 1 mlrd. 898 mln. 834 ming so‘mlik ishlar bajariladi. Ya'ni 2015 yilning 30 noyabrida F5-shakldagi dalolatnomaga mazkur ishlar hajmini 1 mlrd. 949 mln. 124 ming so‘m qilib ko‘rsatib, bu safar ham soxta ma'lumot va yozuvlar kiritiladi. Shu bilan haqiqatda bajarilmagan 50 mln. 290 ming so‘mlik qurilish ishlari hajmi qo‘shib yoziladi.

Vaqt o‘tgani sayin Z.Mustafoyev qonun oldidagi javobgarlikni unutadi. Qarabsizki, ma'lum vaqt davomida viloyat bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasi, Romitan tumanidagi 18 hamda 40-sonli umumta'lim maktablari hamda “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi ta'mirlanishida, “Minglar” aholi punktidagi namunaviy loyihadagi uylarga suv tarmoqlari qurilishida, Shofirkon tuman byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ma'muriy binosida ta'mirlash ishlari olib borilishida yana F5-shakli dalolatnomasidan “foydalanadi”. Shu yo‘l bilan o‘zi istagancha soxta yozuv va ma'lumotlar yordamida oson daromad topishni yo‘lga qo‘yadi.

Umuman olganda esa, Z.Mustafoyev o‘ziga ishonib topshirilgan jami 239 mln. 700 ming so‘mlik mablag‘ni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qiladi. Bunday soxtakorlik ortida jinoyat ko‘lankasi paydo bo‘layotganini nafaqat Z.Mustafoyev, balki unga jinoiy sheriklik qilgan Sh.Nosirov, X.Turdiyev, T.Panoyev, H.Murodov, Z.Atoyev, Sh.Qazoqovlar ham yaxshi bilishardi. Biroq bilishning o‘zi yetarli emas ekan.

Bundan tashqari, MChJ mutasaddilari 2013-2015 yillarda Romitan tuman davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilingan soliq hisobotlarida jamiyatning soliq solinadigan obektlarini va ishchi-xodimlarning sonini kamaytirib ko‘rsatib, 156 mln. 401 ming so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining hukmiga binoan, ushbu jinoyatni sodir etishda aybli deb topilganlarning har biri jinoiy javobgarlikka tortildi.  

Mavzuga oid
Top