16:50 / 04.04.2017
17557

Globallashuv asrining eng katta muammosi – dangasalik

Illyustrativ surat

"Besh kunlik dunyoda baxtli lahzalarning qanchalik ko‘p bo‘lishi o‘zimizga bog‘liq” deyishadi. Nahotki, bizning hayotimiz bor-yo‘g‘i 5 sutkaga qiyoslanadigan darajada qisqa bo‘lsa?! 

Eshitishimcha, qadim zamonlarda yer yuzida odamzod ulkan ko‘rinishda bo‘lib, 450-500 yil umr kechirgan ekan. Shunday bo‘lsa-da, ular ham o‘z umrini juda qisqa deb hisoblab, undan unumli foydalanishga harakat qilgan ekan. Demak, umr o‘lchovi, uni qanday muddatga belgilash insonning shukronalik va qoniqish hissi bilan qiyoslasa bo‘lar ekan-da?!

Masalan, hayotning bir haftasinigina olaylik… Biz bu vaqt mobaynida juda ko‘p ishlarni amalga oshiramiz - ish, o‘qish tashvishlari, quvonchli lahzalar-u musibatli damlarni boshdan kechiramiz. Biroq hafta o‘z yakuniga borib, uni sarhisob qilishga kelganda hayrat bilan “vaqt buncha tez o‘tib ketdi, axir kechagina dushanba tonggi edi-ku?!” deya yoqa ushlaymiz. Shunday bo‘lsa-da, har doim ham o‘tayotgan lahzalar juda qimmatli ekanligi, ularni yo‘qotib borayotganligimizni anglamaymiz. Aslida biz haftaning ish kunlaridan birini yoki biror soatini behudaga sarflagan, shunchaki vaqt o‘tkazgan, dam-badam soatga qarab, “vaqt buncha sekin o‘tayapti-ya, bu dars qachon tugar ekan?” qabilidagi xayollar bilan sarflagan bo‘lamiz.

O‘ylaymanki, bugungi kunning eng dolzarb muammosi giyohvandlik yoki internet hujumi, diniy terroristik harakatlaru, OITS xastaligi emas. XXI – globallashuv asrining eng katta va dolzarb muammosi – DANGASALIK!

Atrofdagi insonlarga “dangasalik nima?” degan savolni berganimda, ular “shunchaki, biror ishni qilishni xohlamaslik” yoki “ko‘p uxlash” kabilarni aytib o‘tishdi. Aslida-chi, birgina dangasalik so‘zining zamirida qanchadan-qancha ma'no yashiringanligini bilamizmi? Dangasalik so‘zi “mehnat qilishdan qochishga odatlanganlik”, “mehnat qilmaslik” degan ma'noni anglatadi. Demak, dangasalik insonlar o‘ylaganichalik tor tushuncha emas, balki loqaydlik, bee'tiborliklarning sababchisi bo‘lgani o‘laroq, mudhish voqealarning ishtirokchisidir. Afsuski, bugungi kunda bu “kasalik”ka odamlarning yelgil-yelpi qarashi natijasida dangasalikning davomi bo‘lmish yomon illatlar avj olmoqda.

Ba'zan o‘ylab qolaman, bugungi kun yoshlarida o‘qish va  ishlash uchun hamma narsa, har qanday sharoit bor: zamonaviy texnologiyalar, hukumatning qo‘llab-quvvatlashi, yildan-yilga ko‘payib borayotgan kutubxonalaru, chet tilini o‘rgatuvchi maxsus mutaxassislar…. Ehhe, bular haqida fikr yuritsak, tugamaydigandek go‘yo. Biroq nega ular harakat qilishdan ko‘ra hech narsa qilmaslikni, dars qilishdan ko‘ra bekorchilikni afzal ko‘rishadi?! Axir ilgari bunday sharoitlar umuman bo‘lmagan, hatto orzu ham qilinmagan vaqtlarda yoshlarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishlari ko‘proq edi-ku?! Nahot insonga qancha ko‘p qulaylik va imtiyozlar yaratilsa, u shuncha dangasalik botqog‘iga botib boradi?!

Ommaviy axborot vositalari orqali loqayd bo‘lmaslik, har qanday vaziyatda ham ogohlik davr talabi ekanligi ko‘p bora takrorlanadi. Albatta, loqaydlik barcha tubanlik va yovuzliklarning negizidir, lekin aslida loqaydlikning asl sababchisi dangasalik emasmi?! Bo‘layotgan voqea-hodisalarga, adolatsizliklarga jimgina aralashmay qo‘ya qolish, ya'ni “och qornim tinch qulog‘im” qabilidagi qarashlar natijasida terroristik harakatlaru, turli oqimlar ko‘payib ketmayaptimikin?

Inson atrofidagilarga yordam berib, ularga juda kerakli maslahatlar berishi, dangasa bo‘lmaslik, ogoh bo‘lish haqida ma'noli fikrlarni singdirishi mumkin. Biroq har bir shaxs rivojlanishni, aytayotganlariga amal qilishni avvalambor o‘zidan boshlashi kerak! Ana shundagina qilinayotgan targ‘ibot va tashviqotlar, yaxshilikka undovchi fikrlar besamar ketmaydi.

Dunyoga shukronalik nigohi ila qaragan inson hayotning  qanchalik chiroyli ekanligi, o‘ylab ish tutilsa, vaqt ham yetarli bo‘lishini anglab yetadi. Faqatgina dangasalik "xastaligi"ga qarshi kurashsak, uni bartaraf etishga harakat qilsak, bo‘lgani. Axir xalqimizda bejizga “Intilganga tole yor!” deb ta'kidlanmaydi-ku! 

O‘zDJTU talabasi Komila Egamberdiyeva

Mavzuga oid
Top