01:05 / 04.04.2017
24617

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashda 11 kishi halok bo‘ldi, 45 kishi jarohat oldi

Foto: AFP

3 aprel Sankt-Peterburg metrosida sodir etilgan portlash oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, 45 kishi jarohatlangan, deb aytildi Rossiya Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi xabarida.

"Portlash oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, 45 jarohatlangan odam shifoxonada qolmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomondan portlash oqibatida jabrlanganlarga va ularning oila a'zolariga zarur tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rilgan", deb aytildi xabarda.

3 aprel Moskva vaqti bilan soat 14.30da Sankt-Peterburg metrosining "Sennaya ploshchad" va "Texnologicheskiy institut-2" stansiyalari o‘rtasidagi yo‘lda ketayotgan metro poyezdida portlash yuz bergan. "Ploshchad Vosstaniya" stansiyasida qo‘yilgan portlovchi moddaning o‘z vaqtida aniqlanishi evaziga yana bir portlash oldi olingan. 

Rossiya tergov qo‘mitasi ushbu hodisa yuzasidan "Terakt" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ta'kidlanishicha, tergov voqeaning qolgan versiyalarini ham tekshiradi. 

Avvalroq "Fontanka.ru" sayti halok bo‘lganlar soni 14 nafar ekanligini ma'lum qilgandi. Saytning ta'kidlashicha, 11 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, yana bir kishi shifoxonaga yo‘lda, 2 kishi shifoxonada jon bergan. Biroq hozircha bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

Mavzuga oid
Top