07:42 / 04.04.2017
12988

Tramp Putinga hamdardlik bildirdi va terrorchilikka qarshi kurashni muhokama qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Peterburg metrosidagi terakt munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, hamdardlik bildirdi, deb xabar berdi Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Peskovning aytishicha, Rossiya va AQSh yetakchilari terrorchilikka qarshi birgalikda kurashish kerakligi haqidagi fikrga kelishgan. Tramp Rossiya xalqiga madad so‘zlarini yetkazib qo‘yishni so‘ragan.

"Donald Tramp Vladimir Putin bilan telefon muloqotida Peterburg metrosida sodir etilgan vahshiy terakt oqibatida halok bo‘lganlar yaqinlari va qarindoshlariga chuqur hamdardlik bildirdi", deb aytdi Peskov.

Putin, o‘z navbatida, amerikalik hamkasbiga minnatdorchilik bildirdi va u bilan aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

Oq uy matbuot xizmati, o‘z navbatida, Tramp telefon muloqotida Sankt-Peterburgdagi teraktni qoralagani va hujumga aloqadorlarni javobgarlikka tortishda yordam berishni taklif qilganini ma'lum qildi.

Oq uyning ta'kidlashicha, ikki yetakchi "terrorchilik iloji boricha tezroq va qat'iyatlik bilan mag‘lub etilishi kerakligi haqidagi fikrga kelishgan".

Avvalroq Tramp metrodagi portlashni "dahshatli hodisa" deb atagandi. 

Shuningdek, Fransiya prezidenti Fransua Olland ham Rossiya halqiga hamdardlik bildirdi va Fransiya Moskvaning yordam haqidagi istalgan iltimosiga javob berishini aytdi. Germaniya kansleri Angela Merkel hujumni "ko‘rqoqlarcha hujum" va "vahshiy akt" deb atadi hamda terakt tashkilotchilarini topib, javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Teraktda halok bo‘lganlar xotirasiga Peterburgda 3 kunlik motam e'lon qilindi.

Top