19:51 / 05.04.2017
19012

Prezidentlar harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida gaplashishdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy-texnik hamkorlikni kelgusida ham rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini bildirishdi. Bu haqda prezidentlarning qo‘shma bayonotida keltirilgan.

«Prezidentlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2016 yilning 29 noyabr kuni imzolangan harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish va 2017 yil uchun mudofaa vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik Rejasi to‘g‘risida bitimning hayotga tatbiq etilishi, harbiy-texnik hamkorlikni kelgusida ham rivojlantirish xususida gaplashishdi», — deyilgan hujjatda.

Shartnomaning maqsadi harbiy-texnikaviy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan iborat.

Tomonlar shartnoma doirasida harbiy maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlarni, jumladan qurol-yarog‘lar, harbiy texnika, ishlar, xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari, ularga bo‘lgan huquqlarni hamda harbiy-texnik sohadagi ma'lumotni yetkazib berishi mumkin.

Shuningdek, tomonlar qurol-yarog‘lar hamda harbiy texnikaga xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash bo‘yicha hamda harbiy-texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishni amalga oshirish niyatida.

O‘zbekiston va RF harbiy mahsulotlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish, ta'mirlash, modernizatsiya qilish va foydalanish bo‘yicha qo‘shma korxona hamda ishlab chiqarishni yaratishi ham mumkin.

Top