11:13 / 05.04.2017
8832

Rojyer Federer 35 yoshida Katta tennis cho‘qqisiga qaytmoqda

Jahonning sobiq birinchi raketkasi Rodjyer Federerni 2008 yilda hisobdan chiqarishgandi. U o‘shanda asosiy raqibi — Rafael Nadalga o‘rnini bo‘shatib bergandi. Shundan so‘ng, shveysariyalik Tennis cho‘qqisiga bir necha marotaba qaytdi, oradan 9 yil o‘tgach, u yana shohsupada. Xo‘sh, 35 yoshli maestroning siri nimada? Rossiya OAV shu haqda fikr yuritadi

O‘tgan yakshanba, 2 aprel kuni Federer mavsumda uchinchi marta Nadalni mag‘lub etdi. Bu safar Mayamida bo‘lib o‘tgan «Masters» seriyasiga kiruvchi musobaqada azaliy raqibini dog‘da qoldirdi. Shveytsariyalik tennischi ushbu g‘alabasidan so‘ng, ATP chempionlik poygasida birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bundan tashqari, jahon tennis reytingida 4-o‘ringa joylashdi. Aytish joizki, 3 oy muqaddam, maestroning bunday natija ko‘rsatishi aytilganida, ko‘pchilik ishonmagan bo‘lardi. Bunga hatto, Federerning o‘zi ham ishonmagan bo‘lishini aytgan.

«Agar menga mavsumni shunchalik omadli boshlashimni aytishganida kulib qo‘ya qolardim. Bu mening rejalarimga kirmas edi. Biz jamoamiz bilan Uimbldon oldidan ilk sakkizlikka kirmoqchi edik, biroq bundan oldinroq bu natijani qayd etdik... Bu juda ham yaxshi, ammo endi men maqsadlarimni qayta baholashim kerak. Kelajakda nima qilishimni tushunib olishim zarur», — degan Federer.

2016 yil yozida 35 yoshli tennischi mavsumni yomon o‘tkazgach, yarim yilga tin olishini ma'lum qilgandi. U umrida ilk bora tizzasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazdi. O‘shanda, tahlilchilar, Federerni yana bir marta nafaqaga chiqarishgandi. 

Biroq, 2017 yilgi mavsum ekspertlar fikrining aksini ko‘rsatmoqda. U 3ta yirik musobaqa: Australian Open va Indian-Uells hamda Mayamidagi «Masters» turnirlarida g‘olib bo‘ldi. U bunday natijaga 2006 yilda, 24 yoshida erishgan, xolos. 

Aytish jozki, aynan bekxend Federerning so‘nggi yillardagi zaif joyi edi va u hal qiluvchi lahzalarda pand berib qo‘yardi. Xususan, US Open-2015 finalida Rodjyer ayni sabab tufayli Jokovichga mag‘lub bo‘lgan edi. Lyubichich ustozlik qila boshlaganidan so‘ng, bekxend kutilmaganda Rodjyerning asosiy quroliga aylandi. «Men chap tomondan avvalgidan yaxshiroq koptokni qabul qilib, hujum ham qilyapman. Ushbu zarba sabab men har bir o‘yinda raqibimga o‘z shartimni qo‘ya olaman», — deydi maestro Nadal ustidan Indian-Uellsda qozonilgan g‘alabadan so‘ng.

Shveytsariyalik tennischining boshqa usullari ham yomon emasligini ta'kidlash mumkin. Uning to‘p uzatishi hamon ajoyib: Federer o‘yinni 90 foizini shu uslubidan foydalangan holda hal qiladi. Uning o‘ng tomondan bergan zarbasi dunyodagi eng yaxshilaridan biri bo‘lib kelgan. Biroq, Lyubichich murabbiylik kursisiga kelgach, yangi jihatlar paydo bo‘ldi: Rodjyer ko‘proq qaytuvchi krossdan foydalana boshladi. Ayni shu zarba Australian Open-2017 finalining hal qiluvchi daqiqalarida yordam berdi va «Masters» turkumida muhim ochkolarni taqdim etdi. 

Aytish joizki, Federer avgust oyida 36 yoshga kirishiga qaramay, tezligini yo‘qotgani yo‘q. Unga bu borada jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Per Paganini yordam bermoqda.

Rodjyer, yana bir keksa tennischi Andre Agassi kabi oralik mashg‘ulotlarni ma'qul ko‘radi. U 30 soniya ishlaydi, 30 soniya dam oladi. Federer 2-3 soat mobaynida yugurib, to‘xtash mashqini tinimsiz bajaradi. Bu tennisdagi yuklamalarga bardosh berishga yordam beradi. Bundan tashqari, yana bir jihat Rodjyer 3 kg vazn tashlagan bo‘lib, 30 yoshdan keyin tezlikni saqlab qolishda qo‘l keladi. 

Federer yuqori darajada o‘yin ko‘rsatishni saqlab qolish uchun Federer turnirlarni tanlashga jiddiy qaraydi. Jarohati tufayli olingan yarim yillik tanaffus unga ancha yordam berdi. Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, endilikda u bu usuldan tez-tez foydalanib tursa ajab emas. Federer Mayamidagi g‘alabadan so‘ng, «Rolan Garros»dant boshqa barcha tuproqli maydonlarda o‘tkaziladigan musobaqalarda qatnashmasligini aytdi. 

Biroz hordiq chiqargan Federer «Uimbldon» hamda sentabr oyida bo‘lajak US Open musobaqasining bosh qahramonlaridan biri bo‘lishi ehtimol. Hozircha, Rodjyerga munosib qarshilik ko‘rsata oladigan biror tennischining nomini keltirish mushkul.

Federerning Katta tennis cho‘qqisiga qaytishida uning tennisni haddan ortiq yaxshi ko‘rishi ham o‘ziga xos turtki bermoqda. U tennis bilan bog‘liq barcha narsadan, sayohatlar, mashg‘ulotlar, matbuot bilan muloqot va albatta, o‘yinning o‘zidan huzur qiladi. 

Mavzuga oid
Top