19:30 / 05.04.2017
8569

"Suvsoz" korxonasida 23,74 million dollarli investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda

Bugun, 5 aprel kuni Toshkent shahar hokimiyatida kommunal xizmatlar mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda "Suvsoz" DUK boshqarmasi rahbari Mahkamov H.S., TShHHKFB iqtisodiyot va investitsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekmirzayev O.B., "Toshissiqquvvati" IChB UK bosh direktori Qurbonbekov B.Sh. va OAV vositalari ishtirok etishdi.

Vazirlar Mahkamasining 2004-yilgi “Toshkent shahri suv ta'minoti tizimini takomillashtirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi”gi qaroriga asosan Yevropa Tiklanish va Tarraqqiyot Banki hamkorligida 10,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi kredit shartnomasiga muvofiq “Suvsoz” korxonasi tomonidan 2004-2009 yillarda yirik investitsion loyiha amalga oshirildi.

 Ushbu loyiha doirasida Toshkent shahrining mavjud uchta yirik ichimlik suv tozalash inshootlaridagi eskirgan nasos va elektr uskunalari zamonaviy, qulay, kam elektr energiya sarflaydigan nasoslar bilan almashtirilib, barcha texnologik jarayonlar avtomatlashtirildi. Shuning natijasida, 1m3 suvni yetkazib berish uchun sarflanadigan elektr energiya miqdori o‘rtacha 30%ga kamaydi. 

 Mazkur modernizatsiya ishlarining mantiqiy davomi sifatida hamda Vazirlar Maxkamasining “Toshkent shahrining ichimlik va oqava suv tizimini modernizatsiya qilish va zamonaviy, energotejamkor texnologiyalarni joriy qilish to‘g‘risida”gi qarori asosida 2016 yilda 162 dona eskirgan nasos qurilmalari “Grundfos” kompaniyasining zamonaviy, energotejamkor nasoslariga almashtirildi (loyixa bo‘yicha jami 239 dona nasos qurilmalarini almashtirish rejalashtirilgan).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 16 dekabrdagi PP-1443-sonli «Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Toshkent shahar kanalizatsiya tizimini takomillashtirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan «Toshkent shahar kanalizatsiya tizimini takomillashtirish» loyihasi, tasdiqlangan Tarmoq jadvaliga asosan amalga oshirildi. 

Loyiha doirasida 22,33 mln. AQSh doll. miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirildi va Salor, Bo‘zsuv va Bektemir oqava suv tozalash inshootlarida takomillashtirish hamda barcha eskirgan texnologik uskunalarni yangilariga almashtirish ishlari olib borildi.

«Suvsoz» korxonasida “Billing” tizimi joriy qilingan bo‘lib, bugungi kunda elektron bank to‘lov tizimlari bilan muvofiqlashtirilgan, jumladan Ipoteka banki bilan  ON-LINE  tizimida to‘lovlar olib borishni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. U-PAY (SMS-TO’LOV) to‘lovi tarmog‘i bilan shartnoma tuzilgan.

Shu bilan birgalikda “SUVSOZ.UZ”  saytiga Toshkent shahri axolisi bo‘yicha tumanlar kesimida ichimlik suvi va oqova suvi xizmati uchun barcha rekvizitlar kiritilgan.  

“2017-2021 yillarda Toshkent shahri ichimlik va oqava suv tizimi obektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish” bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi shakillantirilgan hamda umumiy qiymati 23.74 mln. AQSh doll. miqdordagi investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.

"Suvsoz" DUK boshqaruvchisi Mahkamov Husniddin Sagdiyevich fursatdan foydalanib, poytaxt aholisining suv xizmatlari uchun to‘lov kiritishi nofaol ekanini ta'kidlab, yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish uchun fuqarolardan o‘z vaqtida to‘lov kiritishni so‘rab murojaat qildi. 

Top