17:03 / 05.04.2017
5093

“O‘zbekengilsanoat” korxonalari o‘z mahsulotini 54 davlatga eksport qilmoqda

“O‘zbekengilsanoat” AJ korxonalari eksport geografiyasi kengayib, 54 ta mamlakatni qamrab olgan. 

Bundan tashqari, “O‘zbekengilsanoat” korxonalari tomonidan xorijda ta'sis etilgan savdo uylarining soni tobora ortib bormoqda. 2016 yilda ularning umumiy soni 44 taga yetib, 2015 yilga nisbatan o‘sish sur'atlari 110 foizni tashkil qildi. 

Shuningdek 2016 yilda ishga tushirilgan quvvatlarning umumiy qiymati 123,0 mln. dollarni tashkil qildi. Yangi ishlab chiqarish korxonalari ishga solinishi hisobiga “O‘zbekengilsanoat” AJning eksport salohiyati bir yilda 53,3 mln. dollarga ortdi va ayni paytda 3165 ta yangi ish joylari yaratildi.  

2016 yil yakunlari bo‘yicha tarmoqning 200 dan ortiq korxonalari xorijda va O‘zbekistonda o‘tkazilgan 23 ta ko‘rgazma va yarmarkalarda muvaffaqiyatli qatnashdilar, va ularning natijalari bo‘yicha 1,021 mlrd. dollardan ortiq miqdordagi uzoq muddatli kontrakt va shartnomalar tuzilgan bo‘lib, bu 2015 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan 2,4 baravar ko‘pdir. 

Biznes-forumlar va “V2V” formatida bevosita muzokaralarni o‘tkazish yo‘li bilan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda yangi, salohiyatli xaridorlarni izlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning mahsulotlarining xorijiy iste'molchilari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish ishlari faollashtirilgan.  

Bolgariya, Turkiya, Ukraina va Belarusda o‘tkazilgan birgalikdagi tadbirlar natijalari bo‘yicha ushbu mamlakatlarga qiymati 50 mln. dollardan ortiq to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha qo‘shimcha bitimlar tuzilishiga erishildi.  

Top