19:35 / 06.04.2017
14969

Chorrahalardagi kameralar YTHlarning keskin kamayishiga yordam bermoqda

Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlarining oldini olish maqsadida olib borilgan tadbirlar natijasida mart oyida 89 704ta, 30 mart - 6 aprel oralig‘ida 21 900ta qoida buzarlik aniqlandi. Bu haqda Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi. 

115ta chorrahaga o‘rnatilgan 883ta kuzatuv kamerasi yordamida 15 martdan 6 aprel kuniga qadar jami 51 000 dan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan. Buning 30 mingdan ortig‘i svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish va 21 mingdan ortig‘i tezlikni belgilangan me'yordan oshirish qoidabuzarliklarini tashkil etgan.

30 martdan 6 aprelgacha bo‘lgan bir hafta ichida kameralar yordamida jami 6 371ta, shundan 3 718ta svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanish va 2 653tasi tezlikni belgilangan me'yordan oshirish qoidabuzarligi qayd etilgan.

Shu bilan birga, kuzatuv kameralari ishga tushgandan buyon, ya'ni 15 martdan 6 aprel kuniga qadar yo‘l transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27taga yoki 31,4 foizga, avtohalokatlarda odam o‘limi bilan bog‘liq holat 7taga yoki 53,8 foizga, YTHda tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holat 25taga yoki 25 foizga kamaygan.

Top