18:11 / 06.04.2017
29851

NATO Toshkentdagi ofisini yopdi

NATO tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun 2014 yil mayida O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida ochgan byurosi yopildi. Bu haqda RIA Novosti agentligi byuro xodimlariga asoslanib xabar bergan.

Ofis rahbari Rozariya Pulizi vakolatxonaning yopilishida siyosiy sabab yo‘qligini ma'lum qilgan. 

«Alyansning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ishi muhimligicha qoladi. Ammo endi Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar Bryussel shahridan turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi», — degan u.

Vakolatxonani yopish qarori 2016 yilning noyabrida qabul qilingandi. 

O‘shanda O‘zbekistondagi filialning yopilishiga 2017 yilgi byudjyetning qayta ko‘rib chiqilishi sabab bo‘lishi ekani aytilgandi.

Ofisdagi texnikalar Toshkentdagi mahalliy huquq himoyachilari tashkilotiga beriladi, Rozariya Pulizi esa NATOning Gruziyadagi bo‘limida faoliyatini davom ettiradi.

NATO va AQSh hozirga qadar Afg‘onistondan jangovar qo‘shinlarni olib chiqishda O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida foydalanib kelgan.

Bugunga kelib NATO harbiy bloki dunyoda 41 hamkorga ega bo‘lib, ular qatorida O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham bor. O‘zbekiston 1994 yildan buyon NATO bilan «Tinchlik yo‘lida hamkorlik» dasturi asosida hamkorlik qilib keladi, 1996 yildan boshlab esa O‘zbekiston bilan «Individual sheriklik va hamkorlik dasturlari» asosida ish olib boriladi.

2001 yil 11 sentabr teraktidan keyin AQSh va NATO ittifoqchilari O‘zbekistonning Xonobod harbiy bazasidan foydalana boshladi.

2005 yilda esa Andijon voqealari ortidan O‘zbekiston Amerika harbiylarini o‘z hududidan chiqarib yuborgan.

Mavzuga oid
Top