23:58 / 06.04.2017
5457

YUNISEF Idlibdagi hujumda 27 bola halok bo‘lganini ma'lum qildi

Foto: AFP

BMTning bolalar jamg‘armasi YUNISEF Suriyaning Idlib viloyatidagi hujumda 27 bola halok bo‘lganini ma'lum qildi.

"Idlibda uyushtirilgan hujumda kamida 27 ta bola halok bo‘lgan. Yana 546 kishi, ular orasida ham bolalar juda ko‘p, yaralangan. Jabrlanganlar soni oshishi taxmin qilinmoqda", deb aytilgan YUNISEF xabarida.

YUNISEFning mintaqaviy direktori Gert Kappeler "ixtilofning barcha tomonlarini va ularga ta'sirga ega bo‘lgan barchani darhol bu dahshatga chek ko‘yishga" chaqirdi.

Suriyaning muxolif va inqilobiy kuchlari milliy koalitsiyasi 4 aprelda Idlib viloyatidagi Xon-Shayxun shahrida kimyoviy qurol qo‘llangan hujumda 80 kishi halok bo‘lgani va 200 kishi yaralanganini ma'lum qilgandi. Muxolifatchilar hujum uchun aybni Suriya hukumat qo‘shinlari zimmasiga yuklashgan. Suriya armiyasi qo‘mondonligi o‘z nomiga bildirilgan ayblovlarni qat'iyan rad etgan va hujum uchun javobgarlikni jangarilar va ularning himoyachilari zimmasiga yuklagan. 

6 aprel kuni Suriya tashqi ishlar vaziri Volid Muallim Suriya qo‘shinlari tinch aholi va hattoki terrorchilarga ham qarshi kimyoviy qurol ishlatmagani va ishlatish niyatida emasligini aytgan.

Top