12:45 / 06.04.2017
16089

O‘zbekistonda 10 mingga yaqin oziq-ovqat sanoati korxonalari faoliyat yuritmoqda

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda uni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda iste'mol tovarlarini uzluksiz yetkazib berish, ichki bozorda narx-navolar sun'iy ko‘tarilishining oldini olish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilangan, deb yozmoqda “Xalq so‘zi” gazetasi.

Oziq-ovqat xavfsizligi ko‘p jihatdan qishloq xo‘jaligi rivoji bilan uzviy bog‘liq. Biroq, shunday bo‘lsa-da, aholini kundalik iste'mol mahsulotlari bilan barqaror ta'minlashda minglab tashkilot va ishlab chiqarish quvvatlari ham hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingga yaqin oziq-ovqat sanoati korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 18 foizdan ko‘proqni tashkil qiladi. Bunda oziq-ovqat bozorining asosiy ishtirokchilari bo‘lgan “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zdonmahsulot”, “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyalari, shuningdek, xususiy ishlab chiqarish sub'yektlarining salmoqli hissasi bor.  

Xususan, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi sohani o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, amaliyotga xom ashyoni chuqur qayta ishlaydigan so‘nggi texnologiyalarni kengroq joriy etish bo‘yicha samarali ish olib bormoqda. Bugungi kunda uning tarkibida turli mulkchilik shaklidagi 300 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritayapti. Meva-sabzavot, go‘sht, sut, qandolat mahsulotlari, chanqovbosdi ichimliklar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan mazkur sub'yektlar orasida “Nestle”, “Koka-Kola”, “Pepsi” va dunyoga mashhur boshqa kompaniyalarning shu'ba korxonalari ham borligi diqqatga sazovor. 

Top