15:01 / 07.04.2017
20580

AQShning Suriyaga hujumi talofatlari haqida so‘nggi ma'lumotlar berildi

AQSh armiyasining Suriyadagi aviabazaga yo‘llagan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 7 nafar, yana shuncha kishi jarohatlangan. Bu haqda "Rossiya 24" (VGTRK) telekanalida ma'lum qilindi.

"Xoms viloyatida qurbon bo‘lganlar soni haqida so‘nggi ma'lumotlar berildi. Viloyat gubernatorining aytishicha, 7 nafar harbiy hamda tinch aholi vakili bo‘lgan ikki kishi halok bo‘lgan. Yana 7 kishi og‘ir jarohatlar olgan", deyilgan xabarda.

Manbaning aytishicha, aviabazada zarbalardan keyin yuzaga kelgan yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Shayrat aerodromiga qanotli raketalar orqali berilgan zarbalar tufayli 7ta samolyot yo‘q qilingan. Shu bilan birga texnikaning asosiy qismi, jumladan 5ta qiruvchi samolyot butun qolgan.

7 aprelga o‘tar kechasi AQSh prezidenti Donald Trampning ko‘rsatmasi bo‘yicha 59ta "Tomagavk" rusumli qanotli raketasi O‘rta Yer dengizi hududidagi kemadan turib Xoms viloyatidagi nishonga uchirildi. Amerikaliklar ushbu hujum bir necha kun oldin Idlibda kimyoviy qurol qo‘llanganiga javoban amalga oshirilganini bildirishdi. Shuningdek, ushbu bazadan Rossiya ham foydalangani ehtimoli mavjud. Pentagondagilar ushbu hujum haqida Rossiya ogohlantirilganini ma'lum qilishdi.

Putin AQShning Suriya bazasiga hujumini suveren davlatga qarshi tajovuz deb hisobladi.

Ushbu hodisalardan keyin Rossiya AQSh bilan Suriyada muvofiqlikda harakatlanish bo‘yicha memorandumni to‘xtatgan.

Top