18:43 / 07.04.2017
40173

Andijonda giyohvand militsionerlar qo‘lga olindi

Andijon tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish guruhi katta inspektori, mayor Ulug‘bek Otaxojayev va Ulug‘nor tumani IIB pasport stoli inspektori, serjant Jasurbek Bo‘stonov qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston IIVning “Postda” gazetasi xabar bermoqda.

Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi, deganlaridek, ikkalasi 2014 yil oxirlarida, Jasurbek Bo‘stonov Andijon tumani IIB pasport stoli inspektori faoliyat ko‘rsatayotgan paytda topishishdi. Bir necha bor giyohvandlik vositasini iste'mol qilishdi.

Oradan qariyb bir yil o‘tdi. Jasurbek Bo‘stonov Ulug‘nor tumani IIB pasport stoli inspektorligiga o‘tkazildi. Shu sababli ularning aloqasi uzilib qoldi...

...2016 yilning fevral oyi. Ulug‘bek Otaxojayev tuman IIB komendanti, safdor N.Yo‘ldoshevga uchrashib, ashyoviy dalillarni saqlash xonasidan xizmat kompyuteri uchun ehtiyot qismlar olishi kerakligini bildirdi. N.Yo‘ldoshev xona eshigini ochdi-da, Ulug‘bekka ishi zarurligini aytib, xizmat xonasiga chiqib ketdi.

Ulug‘bek kompyuter ehtiyot qismlarini olar ekan, maxsus qopda turgan giyohvandlik vositasiga ko‘zi tushdi. Yuragi gup-gup urib, shaytoniy his ko‘ngliga g‘ulu tashladi. Atrofga alangladi. “Ozgina olsam, kim ham bilib turibdi”, degan o‘y o‘tdi xayolidan. So‘ng qopni yirtib ochdi-da, shu yerda turgan yelim xaltaga shosha-pisha soldi. Shu payt xonaga safdor N.Yo‘ldoshev kirib keldi.

-  Ehtiyot qismlarini oldingizmi?

-  Ha, oldim. Rahmat, - Ulug‘bek shunday degancha tashqariga yo‘naldi. Xuddi ortidan yov quvganday xizmat xonasiga shoshildi.

...Tushga yaqin Jasurbek Bo‘stonovning uyali telefoni jiringladi.

-  Allo, eshitaman!

-  Salom, Jasurbek. Bormisiz, nega kamnamosiz? Biz taraflarga bir kelay ham demaysiz?

-  Ey-y-y, Ulug‘bek aka! Ishlaringiz yaxshimi? Chindan ham, ko‘rishmaganimizga ancha bo‘ldi.

-  Shundan ekan, keling, bir uchrashaylik. Hademay, tushlik vaqti bo‘ladi.

-  Kelishdik. Yarim soatda yetib boraman.

Ulug‘bek va Jasurbek birga tushlik qilishdi. Ko‘rishmaganlariga ancha vaqt bo‘lgan emasmi, gurung rosa qizidi. Gap orasida Ulug‘bek sherigiga yonida “dori” borligini qistirib o‘tdi. Bu “xushxabar”dan Jasurbekning ko‘ngli yanada yorishdi, ko‘zi quvnadi...

Giyohvandlik balosi Jasurbekni ham tinch qo‘ymadi. U ertasi kuni ertalabdanoq Ulug‘bek Otaxojayevning xizmat xonasida paydo bo‘ldi. Marixuana topib berishni so‘radi. Ulug‘bek ashyoviy dalillarni saqlash xonasidan o‘g‘rincha olib chiqqan og‘udan ma'lum qismini, aniqrog‘i, o‘nta gugurt qutisiga joylangan giyohvandlik moddasini hamtovog‘iga uzatdi-da, buning uchun 100 AQSh dollari berishini aytdi. Jasurbek hozir yonida buncha pul yo‘qligini aytib, keyingi gal olib kelishini bildirdi. Giyohvandlik moddasini esa tanishi Dilshod Mo‘minov bilan birga iste'mol qilishdi. 

Oradan to‘rt kun o‘tdi. Jasurbek va'da qilganidek 500 ming so‘mni Ulug‘bek Otaxojayevga olib kelib berdi.

Shundan keyin ham ularning manfaatli “hamkorligi” ma'lum muddat samarali davom etdi. Nihoyat, nafs quliga aylangan bu kimsalarning jinoiy qilmishlariga chek qo‘yildi. Jasurbek Bo‘stonov jinoiy sherigi Ulug‘bek Otaxojayevdan olgan giyohvandlik vositasini choyxonada tanishlari bilan iste'mol qilmoqchi bo‘lib turgan bir paytda qo‘lga olindi. Ulug‘bek Otaxojayevning qilmishlari ham fosh etildi. O‘z xizmat xonasida ashyoviy dalillar bilan ushlanganida, u aybiga iqror bo‘lib, boshini xam qilishdan o‘zga chora topa olmadi. 

Nashr xabarida militsiya xodimlariga qanday jazo tayinlangani oshkor etilmagan.

Top