16:00 / 07.04.2017
5323

Deputat Qoraqalpog‘istonda 9 nafar fuqaroga iste'mol krediti olishda yordam berdi 

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidan saylangan deputatlar aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti. 

4-Amudaryo saylov okrugidan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Joldasbay Abdijamilov Qo‘ng‘irot tumani «Adabiyot» OFY hududida saylovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvlar paytida bir qator muammolar ko‘zga tashlandi. Xususan, «Adabiyot» OFY hududidagi Bo‘stonliq ovuli fuqarolaridan hududdagi kollektorning ko‘milib qolganligi tufayli aholining tomorqalari zarar ko‘rayotganligi va ushbu muammoni hal etib berish to‘g‘risida murojaat kelib tushdi. Deputat ushbu muammoni darhol hal etish zarurligi, kollektor tozalansa aholi tomorqalarining namligi oldi olinishi, natijada hududdagi yerning ahvoli yaxshilanishi to‘g‘risida tuman melioratsiya bo‘limiga murojaat qildi hamda muammo ijobiy hal etildi.

Shundan so‘ng, deputat «Olmazor» MFY hududidagi 32-sonli maktabga borib, uning moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi. Maktab kutubxonasi ko‘zdan kechirilganda, umumiy 4284 ta darsliklar, uslubiy qo‘llanmalar va badiiy kitoblar borligi aniqlandi. Lekin badiiy kitoblar soni biroz kamligi ko‘zga tashlandi. Shundan so‘ng, maktab o‘quvchilariga badiiy kitoblar juda zarur ekanligi, chunki adabiy kitoblar ularning dunyoqarashini kengaytirib, ma'naviy dunyosini boyitib borishda katta ahamiyatga ega ekanligi to‘g‘risida maktab direktoriga tavsiya qilindi va maktab ma'muriyati bu masalani tezda hal etilishini ma'lum qildi.

Shuningdek, ushbu MFY hududi aholisi bilan uchrashuv o‘tkazilganda, 9 nafar fuqaro maishiy texnikaga ehtiyoji borligi uchun iste'mol krediti olishda amaliy yordam berish to‘g‘risida murojaat qildi. Shundan so‘ng deputat ushbu masala yuzasidan tumandagi Mikrokreditbank filiali bilan aloqaga chiqqanidan so‘ng, muammo o‘z yechimini topdi.

Top