11:26 / 09.04.2017
7688

Amerikalik harbiy Afg‘onistondagi amaliyot vaqtida halok bo‘ldi

Amerikalik harbiy xizmatchi Afg‘onistonda IShIDga qarshi operatsiyada ishtirok etish chog‘ida halok bo‘ldi. Bu haqda AQSh armiyasi harbiy vakili kapitan Bill Salvinga asoslangan holda Associated Press agentligi ma'lum qildi.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh armiyasining maxsus topshiriqli kuchlari tarkibida bo‘lgan harbiy 8 aprel kuni kechqurun Afg‘oniston sharqidagi Nangarhar viloyatida o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida olgan jarohatlari tufayli halok bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh hududida IShID ta'siridagi kuchlar joylashib olgan. Amerikaliklar aviatsiyasi bir necha marta radikal kuchlarning pozitsiyalari bo‘ylab zarbalar bergan.

IShID Xuroson hududida (Afg‘onistonning aksar hududlari) o‘z filialini tashkil qilgani haqida 2015 yilning yanvarida e'lon qilgandi. Bu hududdagi jangarilar bir vaqtning o‘zida Afg‘oniston hukumatiga hamda hukumatning dushmani bo‘lmish tolibonlarga qarshi kurash olib boradi.

IShID jangarilari bir necha hafta ichida mamlakat shimolidagi Hilmand, Faroh, Zobul, Logal hamda Nangarhar viloyatlarida o‘z ta'sirlarini yoyishdi. Ushbu jangarilar safida o‘rta osiyoliklar, kavkazliklar va uyg‘urlar jang qilishadi.

Afg‘onistondagi IShID jangarilari soni rasman aniq emas, ba'zi manbalarga ko‘ra ularning soni 5 ming nafarga yaqin.

Top