18:55 / 09.04.2017
23394

Putin Eron prezidenti bilan AQShning harakatlarini muhokama qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron rahbari Hasan Ruhoniy bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Kreml saytida ma'lum qilingan.

«Tomonlar Suriya masalasida fikrlar almashishdi. Ikki tomon ham AQShning harakatini suveren davlatga tajovuz sifatida baholashdi va bu xalqaro huquq normalari buzilishi ekanini qayd etishdi», — deyilgan xabarda.

Shuningdek, Putin Eron yetakchisiga Sankt-Peterburg metrosida sodir bo‘lgan terakt munosabati bilan bildirgan ta'ziyasi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Bundan oldinroq Suriya prezidenti Bashar Asad Eron prezidenti bilan telefon orqali gaplashgan va AQShning raketa hujumlarini muhokama qilgandi.

4 aprel kuni Suriyaning Idlib viloyatida kimyoviy hujum amalga oshirildi va uning oqibatida 80 kishi halok bo‘ldi.

Ushbu hujum uchun javobgarlikni rasmiy Vashington Asad rejimi zimmasiga yukladi. 7 aprel kuni AQSh Qurolli kuchlari Suriyaning Shayrat aerodromiga «Tomagavk» rusumli qanotli raketalarini yo‘lladi. 

Moskva tomoni ushbu hujumni «tajovuz akti» deya baholadi va AQSh bilan Suriyada ko‘zda tutilmagan holatlarning oldini olish haqidagi memorandum amalda bo‘lishini to‘xtatdi. Eron bu hujumni qoralagan ikkinchi davlat bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top